Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyoda suv muammolarini hal qilishdagi ustuvor vazifalar

Mamlakatimizda bahor va nafosat, yasharish va go‘zallik ayyomi – Navro‘z nafasi kezib yurgan bir paytda uning mantiqiy davomi o‘laroq 22 mart – Butunjahon suv resurslari kuni butun dunyoda keng nishonlanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasida ekologiya bilan bog‘liq muammolar ko‘lami kengayib borayotgani bugungi kunda barchani birdek tashvishga qo‘ymoqda. Xususan, ushbu sub-regiondagi suv va uning taqchilligi bilan bog‘liq masalalar nafaqat mintaqaviy, balki global ahamiyat kasb etmoqda.

Hayotimiz manbai bo‘lgan suvning mintaqamizda tobora tanqislashuvi, ekologiya va atrof-muhit ifloslanishi natijasida uning sifat jihatidan o‘zgarishi kelgusida jiddiy to‘siqlar yaratishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, yagona hududda azal-azaldan qo‘shni bo‘lib yashab kelayotgan mamlakatlar oldiga ushbu muammolar yechimini birgalikda topish vazifasini qo‘ymoqda.  

Insoniyat tomonidan tabiat resurslaridan oqilona foydalanmaslik oqibatida iqlim o‘zgarishi va uning natijasida muzliklarning erishi bu kabi salbiy holatlarni yuzaga keltirgan. Hozirda esa mazkur masala bir mamlakat hududidan chiqib, transchegaraviy tus olayotgani va kun sayin keskinlashib borayotgani global ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, mintaqada mavjud suv zahirasining chegaralangani va demografik o‘sish natijasida suvdan foydalanish shu yo‘sinda davom etadigan bo‘lsa, muammo ko‘lami yanada kengayib ketishi ehtimoli yuqori.  

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 2 milliarddan ortiq aholisi toza ichimlik suvidan va 4 milliarddan ortig‘i esa oddiy sanitariya sharoitidan mahrum bo‘lgan holatda hayot kechirmoqda.  

Ma’lumki, O‘zbekistonga kerakli chuchuk suvning taxminan 75-80 foizi qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi. Ammo global isish natijasida Pomir va Tyan-Shan tog‘laridagi muzliklarning shiddat bilan erishi kuzatilmoqda. Bu, o‘z navbatida – avvaliga sel va toshqinlar keltirib chiqarsa, istiqbolda daryolar qurib, cho‘llanishga olib keladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buning oqibatida Markaziy Osiyo mintaqasi yaqin 20 yilda zaminimizning eng suvsiz hududlaridan biriga aylanishi mumkin.

Hozirgi kunda Orol dengizining qurishi dunyoning eng yirik ekologik fojialaridan biri bo‘lib turibdi. Sahroga aylangan dengiz tubidagi tuz, qum-chang va zaharli o‘g‘itlar insonlar hayoti va tabiatni xavf ostiga qo‘yayotgani hech kimga sir emas.  

Muammoni Markaziy Osiyo mamlakatlari kesimida tahlil qilsak, quyidagi holatlarni guvohi bo‘lish mumkin. Masalan, Qozog‘istonda Orol dengizi taqdirini Balxash ko‘li takrorlashi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, ko‘lga oqib tushadigan daryolar deltasi tezda o‘zgarib bormoqda. Ulardan ba’zilari bir nechta mamlakatlar (Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya) hududlaridan o‘tib, transchegaraviy muammoga ega. Masalan, Xitoy tomoni Balxashga oqib keladigan Ili daryosining suvidan faqat qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanadi. Hozirda bu ko‘lda suv va baliq miqdorining keskin pasayishi kuzatilmoqda. Agar suv iste’moli shu yo‘sinda davom etsa, Balxash butunlay qurib qolishi va bir necha mayda qismlarga bo‘linib ketishi mumkin.  

Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, agar vaziyat o‘zgarmasa, Irtish daryosi havzasida suv zahirasi 2030 yilga kelib — 8 kub kilometr, 2040 yilga kelib — 10 kub kilometr, 2050 yilga kelib — 11,4 kub kilometrga qisqaradi.  

Qirg‘izistonda joylashgan asosiy tabiiy diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan Issiqko‘l hududida sayyohlik oqimi yuqori bo‘lganligi sababli kuzatuvchi olimlar bu yerning ekologik holatini ham tashvishli, deb baholamoqda. Bunga sabab, ko‘l bo‘yida mahalliy aholi va sayyohlar tomonidan chiqindilar bilan tabiatni ifloslantirishdir. Sohildan 300 metr narida Bosteri qishlog‘i eng katta chiqindi maydoniga aylangan. 10 yildan ortiq muddatda yig‘ilgan axlat hududi 4 gektar yerni egallaydi.

Tojikistonda muzliklar mamlakat umumiy maydonining qariyb 6 foizi — 9 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallaydi. So‘nggi yillar davomida mamlakatdagi muzliklar maydoni uchdan bir qismga kamaydi. Mutaxassislar bu jarayonni iqlim o‘zgarishi va Orol dengizining qurishi bilan bog‘lashadi. Kuchli shamollar qurigan dengizdan tuzlarni muzliklar ichiga olib keladi va natijada bu eritish jarayonini tezlashtiradi.

Hozirgi vaqtda 14 ming muzlikdan mingtasi butunlay erigan. Yerdagi eng katta muzliklardan biri hisoblangan “Fedchenko” muzligi so‘nggi bir necha yilda 700 kilometr kvadratdan iborat ikki kub kilometrdan ko‘proq muzni yo‘qotdi.  

Tojikistondagi muzliklarning erishi Markaziy Osiyo iqlimidagi qaytarilmas o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Xususan, cho‘llashish, qishloq xo‘jaligidagi hosildorlikning pasayishi, suv yetishmasligi tufayli butun mintaqaning ekologik holatiga jiddiy zarar yetishi, Orol dengizining butunlay yo‘q bo‘lib ketishi, suv va oziq-ovqat yetishmovchiligi tufayli keng ko‘lamli gumanitar vaziyat yuzaga kelishi shular jumlasidan.  

O‘zbekiston tashabbusi bilan 2018 yil 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi qabul qilindi. BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan ushbu hujjatda Markaziy Osiyoda suv va energiya manbalaridan unumli va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni yumshatish yo‘nalishlarida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etilgan.  

Mamlakatimizda suv tanqisligi vujudga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020 yil yozgi sug‘orish mavsumida ekin maydonlarini suv bilan ishonchli ta’minlash va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatda respublikamiz hududlarida suv resurslarining yetarli darajada ta’minlanishi va oqilona taqsimlanishi belgilangan.  

Kelajakda sohaga yirik investitsiya jalb etish, qayta ishlash texnologiyalari hamda suvni tejab ishlatish usullarini joriy etish jarayonini jadallashtirish rejalashtirilgan. O‘zbekiston Ekologik partiyasi bu borada o‘zining dasturida quyidagi maqsad va vazifalar belgilangan:  

Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, mahalliylashtirishni ta’minlash, ekologik vaziyatni tiklash va sog‘lomlashtirish, boshqa ekologik noqulay hududlarda ekologik muammolarni hal etish va aholi salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan innovatsion g‘oya va texnologiyalar, dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va suv resurslarining yetishmasligi va ifloslanishi, cho‘llanish, yerlarning tanazulli, atmosfera havosi ifloslanishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi jarayonlarini to‘xtatish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi.

Mamlakat manfaatlarini hisobga olgan holda transchegaraviy suv oqimlarining suv resurslaridan adolatli foydalanishga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari suradi.  

Aholining, ayniqsa, qishloq joylarida toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni yaxshilash, mavjud suv chiqarish va kanalizatsiya inshootlarini modernizatsiya qilish, suv o‘tkazish tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshiriladi.

bugungi kunda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.

Sevara Fayziyeva,  

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi