Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi: tabiiy resurslarni asrashning yangi yechimlari muhokama qilinmoqda
Toshkentda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining tabiiy resurslarga ta’sirini kamaytirish, suv va boshqa resurslardan barqaror foydalanish hamda mintaqaviy ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada YUNESKO, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT), Buyuk Britaniyaning Reding universiteti, Yaponiyaning Kioto universiteti, Shveysariyaning Friburg‘ universiteti, Germaniyaning Yer tadqiqotlari instituti (GFZ), qo‘shni davlatlar ilmiy muassasalari va boshqa nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy mavzusi — “Barqaror rivojlanish maqsadlarida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining tabiiy resurslarga ta’sirini yumshatish yo‘llari” dan iborat.
Konferensiya ochilishida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov iqlim o‘zgarishi bugun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi oldidagi eng jiddiy muammolardan biriga aylanganini ta’kidladi.
Mintaqada harorat ko‘tarilishi, yog‘ingarchilik rejimi o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, tog‘ muzliklarining qisqarishi va qor qoplamidagi o‘zgarishlar suv resurslari barqarorligi nuqtai nazaridan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Shu nuqtai nazardan, iqlim o‘zgarishining oqibatlarini oldindan baholash, tabiiy resurslarni asrash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Mamlakat 2035-yilga qadar issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yilga nisbatan 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va barqaror rivojlanishning boshqa yo‘nalishlarida uzoq muddatli strategiyalar amalga oshirilmoqda. Yana bir muhim maqsad 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishdir.
Konferensiyada havo sifatini yaxshilash, bioxilma-xillikni asrash, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish, ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, mintaqaviy ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, iqlim bo‘yicha bilim almashinuvini kengaytirish, iqlim ssenariylarini ishlab chiqish va yog‘ingarchilikni prognozlash imkoniyatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Chang va qum bo‘ronlarining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya doirasida yalpi majlislar, ilmiy-texnik sessiyalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi maxsus sessiyalar va iqlim siyosati bo‘yicha panel muhokamalari o‘tkazildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, geografik axborot tizimlari, masofadan zondlash va iqlim xizmatlariga bag‘ishlangan innovatsion sessiyalar ham tashkil etildi.
50 ga yaqin xorijiy va mahalliy mutaxassis hamda olimlar ishtirokida iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslarning barqaror rivojlanishi, suv resurslari va kriosfera, amaliy klimatologiya va iqlim xizmatlari, agrometeorologiya, energetika, qurilish, transport hamda iqlim migratsiyasi kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, suv va iqlim tadqiqotlarining zamonaviy usullari, jumladan, izotop gidrologiyasi va meteorologiya, iqlim o‘zgarishi sharoitida geoturizm va glyatsioturizm salohiyatini rivojlantirish va barqaror boshqarish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Bu kabi muloqotlar Markaziy Osiyoda iqlim barqarorligini oshirish, tabiiy resurslarni kelajak avlodlar uchun asrash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA