“Markaziy Osiyo - Xitoy” gaz loyihasi doirasida hamkorlik yanada kengaymoqda
Energetika sohasidagi strategik ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblangan “Markaziy Osiyo-Xitoy” magistral gaz quvuri doirasida hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi aloqalar nafaqat gaz transporti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, balki ishtirokchi tomonlar o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik munosabatlarni ham yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda Xitoyning Chjuxay shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va Xitoyning yirik energetika kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda “Asia Trans Gas” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyati, uning bugungi holati hamda istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar mazkur tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan uzoq yillik samarali hamkorlikni yuqori baholab, uni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, qo‘shma korxona faoliyatining moliyaviy barqarorligini oshirish, daromadlarni ko‘paytirish va xarajatlarni samarali boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot yakunida tomonlar bu yo‘nalishda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA