O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilganligining 100 yilligi munosabati bilan “Markaziy Osiyoning global ekologik va suv muammolarini hal qilishda ilmiy yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda ta’kidlanganidek, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati 1925 yilda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Gidrotexnika tajriba-tadqiqot institutini tashkil etishdan boshlangan. Turli davrlarda turlicha nomlangan bu ilmiy dargoh mintaqadagi suv xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish muassasalari o‘rtasidagi eng yuksak ilmiy ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lgan salohiyatli muassasaga aylandi.
Bu yerda juda katta maktab yaratildi. Ko‘plab olimlar, ilm ahli yetishib chiqdi. 2018 yilda Prezidentimizning qaroriga asosan institut vazirlik tarkibiga o‘tkazildi. Institut binosi qayta ta’mirlanib, laboratoriya bazalari zamonaviy asbob-uskuna va anjomlar bilan jihozlandi, laboratoriyalari kengaytirildi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali mintaqaviy markaz sifatida, Suv xo‘jaligi muhandislik markazi hamda Suvni tejaydigan texnologiyalar ilmiy-tadqiqot konsalting markazlari qayta tashkil etildi.
Xorazm, Buxoro, Namangan, Samarqand va Surxondaryo mintaqaviy markazlari yangidan shakllantirildi. Mana shu jarayonda ilm va ishlab chiqarish uzviyligini ta’minlash ham diqqat markazida bo‘ldi. Hozirgi kunda institutda 94 nafar tayanch doktorant, 3 nafar doktorant va 10 nafar mustaqil izlanuvchi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Suv xo‘jaligi sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha 28 ta mavzu yuzasidan 7.3 mlrd so‘mlik loyihalar, shundan Respublika davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 8 ta amaliy, innovatsiya va fundamental, 30 ta ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov so‘zga chiqib, ushbu institut nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo respublikalari uchun qadrdon ilmiy dargoh ekanini alohida ta’kidladi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalqaro tashkilot vakillari, Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo respublikalaridan, umuman 20 dan ziyod xorijiy davlatlardan suv sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, olimlar so‘zga chiqdi.
Yurtimizda suv xo‘jaligi tizimi 20 asrning 20-yillaridan boshlab eski sug‘orish tarmoqlarini tiklash, yangilarini qurish, sug‘oriladigan yangi yerlarni o‘zlashtirish (Mirzacho‘l, Dalvarzin, Qumqo‘rg‘on dashtlari, Jizzax cho‘li, Qizilqum chekkasi) va uning suv ta’minoti, xo‘jaliklararo sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish ishlari bilan bog‘liq holda shakllandi. Suv iste’molchilariga o‘z vaqtida va kerakli miqdorda ob-hayot yetkazib berish maqsadida ko‘plab kanal, gidrouzel, gidrotexnika inshootlari, suv omborlari, doimiy nasos stansiyalari, kollektor-drenaj tarmoqlari qurildi.
Mana shu jarayonlarda hozirgi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti munosib hissa qo‘shgan va sohaning ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.
- BMT Taraqqiyot dasturi yillar davomida O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda va suv masalasi mamlakatda barqaror rivojlanish hamda taraqqiyot uchun eng muhim muammolardan biri hisoblanadi, - deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii. – Shu sababli biz Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorligimizni juda qadrlaymiz.
Ayniqsa, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida (Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi EU-AGRIN loyihasi doirasida) Institutning yetakchi mutaxassislaridan iborat innovatsion guruhi tomonidan amalga oshirilgan bir loyiha alohida e’tiborga loyiq. Ushbu loyiha doirasida tumandagi mahalliy aholining o‘z xonadonidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi suv muammosi ijobiy hal etildi.
“Markaziy Osiyoning global ekologik va suv muammolarini hal qilishda ilmiy yondoshuvlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada institutning faoliyati e’tirof etilib, soha olimlarining ma’ruzalari tinglandi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/BF1BKUDLuhc?si=eElzOA6E15dvpmwy" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA