Markaziy Osiyo "quruqlik orqali bog‘langan" mintaqa bo‘ladi
Ayni paytda poytaxtimizdagi nufuzli xalqaro tadbirlar maskanida Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda Butunjahon paxta kuni keng nishonlanmoqda.
Dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar hamda paxtachilik sohasi vakillari ishtirok etayotgan mazkur tadbir nafaqat paxtaning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni, balki bugungi zamonaviy paxtachilikning yangi qiyofasini muhokama qilish uchun muhim xalqaro minbar vazifasini o‘tamoqda.
Xo‘sh, O‘zbekiston tajribasi mintaqaviy hamkorlikka qanday takliflar taqdim etadi?
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan ushbu anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimiz paxtachiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi agrotexnologiyalar va innovatsion yondashuvlarga alohida to‘xtalib, bugungi kunda fermer xo‘jaliklarida yuqori hosildorlikka erishish uchun aniq va ilmiy asoslangan tizim shakllanayotganini ta’kidladi.
Bugun biz “quruqlik bilan o‘ralgan” maqomidan “quruqlik orqali bog‘langan” mintaqaga o‘tishimiz kerak, deydi Ibrohim Abdurahmonov.- Bu shunchaki so‘z o‘yini emas, balki aniq siyosiy tanlov. Oziq-ovqat, suv, savdo, ilm-fan va logistika sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirsak, geografik cheklovlarni mintaqaviy ustunlikka aylantira olamiz. Quruqlikda joylashganimiz — cheklov emas, hamkorlik uchun imkoniyat.
Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. O‘zbekiston esa dunyodagi quruqlik bilan ikki karra o‘ralgan ikki davlatdan biridir. Biroq bizning mintaqamizda qadimiy va boy qishloq xo‘jaligi an’analari, muhim suv resurslari, ilmiy muassasalar, yirik bozorlar va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarish tizimlari mavjud. Bizning maqsadimiz ulkan bo‘lishi kerak: Markaziy Osiyo dunyodagi eng yuqori darajada o‘zaro bog‘langan mintaqaga aylanishi lozim. Oziq-ovqat tizimlari bu maqsadga erishishda muhim vosita bo‘lishi mumkin. Chunki oziq-ovqat ishlab chiqarish, suv, savdo, ilm-fan, logistika va oziqlanish orqali mamlakatlarni bir-biriga bog‘laydi.
Quruqlik bilan o‘ralganlik faqat transport muammosini anglatmaydi. U savdo va tranzit xarajatlarini oshiradi. Ishlab chiqaruvchilarni turli standartlar va chegara tartib-taomillari bilan to‘qnashtiradi. Daryolar, iqlim, zararkunandalar va hayvonlar kasalliklari bilan bog‘liq umumiy xavflarni kuchaytiradi. Shuningdek, bilim, texnologiya va turli xil oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan imkoniyatlarni cheklashi mumkin. Bu muammolar milliy chegaralar bilan cheklanib qolmaydi. Shuning uchun yechimlarimiz milliy harakatlarni mintaqaviy hamkorlik bilan uyg‘unlashtirishi kerak.
Mintaqaviy institutlar chegaralararo xususiyatga ega bo‘lgan muammolarni hal qilishi lozim. Bularga havza miqyosida suv hisobini yuritish, bioxavfsizlik, uyg‘unlashtirilgan standartlar, savdo yo‘laklari va favqulodda holatlarda muvofiqlashtirilgan harakatlar kiradi. Milliy va mahalliy institutlar esa yer siyosati, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahat xizmatlari va amaliy ijroni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lib qolishi kerak.
Bu tamoyil muhim. Muammo chegaradan o‘tgan joyda mintaqaviy boshqaruvni yo‘lga qo‘yishimiz, xizmatlarni esa fermerlar va jamoalarga imkon qadar yaqin darajada tashkil etishimiz lozim. Markaziy Osiyoda bunday hamkorlik uchun zarur asoslar allaqachon mavjud. Qozog‘iston g‘alla, chorvachilik va tranzit salohiyati bilan hissa qo‘shadi. Qirg‘iziston va Tojikiston tog‘li hududlardagi suv tizimlari, yaylovlar va kichik fermer xo‘jaliklari tajribasiga ega. O‘zbekiston sug‘orma dehqonchilik, bog‘dorchilik, ilmiy salohiyat va islohotlar tajribasini taqdim etadi. Turkmaniston esa quruq iqlim sharoitida sug‘orma dehqonchilik bo‘yicha tajribaga ega.
Biz, shuningdek, daryolar, ilmiy tadqiqot an’analari, savdo tarixi va ko‘plab umumiy iqlim xavflarini baham ko‘ramiz. Hech bir mamlakat bu vazifalarning barchasini yolg‘iz o‘zi bajara olmaydi. Bir-biri bilan bog‘langan holda esa, bizning farqlarimiz mintaqaviy ustunlikka aylanadi. “Quruqlik orqali bog‘langan” oziq-ovqat tizimining birinchi asosi — yuqori samaradorlikka ega va barqaror ishlab chiqarishni ta’minlashdir.
O‘zbekistonning paxtachilik sohasidagi tajribasi bunga misol bo‘la oladi. Biz ekin maydonlarini qisqartirgan holda ishlab chiqarish hajmini oshirdik. Bu yer va boshqa resurslardan yanada samarali foydalanish hamda diversifikatsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Endi biz ushbu keng qamrovli unumdorlik yondashuvini bog‘lar, uzumzorlar, donli va dukkakli ekinlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlariga tatbiq etishni maqsad qilmoqdamiz.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA