Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo mamlakatlarida bola huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirishning dolzarb masalalari: bolalar huquqlari bo‘yicha vakillarning mintaqaviy hamkorligi” mavzusidagi birinchi xalqaro forum ishtirokchilari Samarqandga keldi.

Mehmonlar ko‘hna kent bilan tanishuvni Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Shundan so‘ng Registon maydoni, Bibixonim masjidi hamda Samarqandning boshqa tarixiy obidalarida bo‘lib, yurtimiz madaniy merosi inshootlari bilan tanishdi.
Tashrif dasturiga ko‘ra, mehmonlar Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlarining muloqoti va o‘zaro hamkorligi uchun samarali mintaqaviy platforma yaratishdir.

Markaziy Osiyo davlatlari bolalar ombudsmanlarining navbatdagi forumi 2026 yilda Qozog‘istonda o‘tkaziladi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari