Markaziy Osiyo – Koreya hamkorligi rivojlanmoqda
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida Koreya jamg‘armasi vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo – Koreya hamkorligi Forumi kotibiyati ijrochi direktori Chon Kuk Ri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida mehmonga Markaziy Osiyo xalqaro instituti faoliyati, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mintaqaviy hamkorlik jadal rivojlanishi samarasi o‘laroq, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda erishilgan muvaffaqiyatlar, shuningdek, “MO+” formati doirasidagi sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari xususida batafsil ma’lumot berildi.
Chon Kuk Ri Koreya va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi darajasiga yuqori baho berdi.
“MO+Koreya” formatida ekspert-tahlilchilar doiralari darajasida birga ish olib borish tashabbusini ilgari surish muhimligi ma’qullandi. Zero, ayni sa’y-harakat Markaziy Osiyo davlatlari va Janubiy Koreya sherikligini mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Muloqot yakunida tomonlar, jumladan, seminarlar, davra suhbatlari va forumlar shaklidagi, o‘zaro tushunishni oshirish va hamkorlik ufqini kengaytirishga yo‘naltirilgan qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishib oldilar.
Markaziy Osiyo – Koreya hamkorligi Forumi kotibiyati 2017 yil tashkil qilingan bo‘lib, tuzilma doirasida tizimli ravishda loyihalar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash orqali tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA