Markaziy Osiyo integratsiyasiga yangi sur’at: BMT rezolyutsiyasi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish” to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilinishi mintaqa uchun muhim siyosiy qadam sifatida baholanmoqda. Mazkur hujjat mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish va umumiy taraqqiyot maqsadlarini birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl ushbu qarorni Markaziy Osiyo xalqlari manfaatiga qaratilgan muhim tashabbus, deya ta’kidladi. Uning fikricha, rezolyutsiya mintaqa davlatlarining ko‘p tomonlama hamkorlikka sodiqligini yana bir bor namoyon etdi. Shu bilan birga, hujjat 66 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangani xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyoga nisbatan e’tibori ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bayonotda rezolyutsiya innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan. Bu jarayon transport, savdo, energetika va raqamli texnologiya sohasidagi qo‘shma loyihalarni faollashtirish uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.

Shuningdek, hujjat Markaziy Osiyo davlatlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasidagi muvofiqlikni kuchaytirishga chaqirmoqda. Shu tariqa iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, migratsiya va oziq-ovqat xavfsizligi kabi umumiy muammolarga birgalikda yechim topish salohiyati yuzaga chiqadi.
Rezolyutsiyada qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash orqali uzoq muddatli barqarorlik va farovonlikni ta’minlash muhimligiga ham urg‘u berilgan. Mutaxassislar fikricha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda shakllanayotgan o‘zaro ishonch muhiti shunday xalqaro tashabbuslar samara berayotganini ko‘rsatmoqda.
Hujjat BMTning ixtisoslashgan agentlik, jamg‘arma va dasturlarini mintaqa ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘un ishlashga chaqirishi bilan ham ahamiyatlidir. Bu esa iqtisodiy integratsiya va barqaror taraqqiyotga qaratilgan dasturlarni yanada samarali amalga oshirish imkonini beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA