Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi
2026-yil yanvar–iyul oylari yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro savdosi yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Uning hajmi 25,4 foizga oshib, 8,1 mlrd. dollarga yetdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026-yil yanvar-iyul oylarida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo rivojlanish dinamikasiga bag‘ishlangan sharh tayyorladi. Unda mintaqa ichki savdosi ko‘rsatkichi sifatida har bir mamlakatning Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga eksport yetkazib berish hajmlari yig‘indisi olingan. Bunday yondashuv ikki karra hisobga olishning oldini oladi, chunki bir xil savdo operatsiyasi bir mamlakat eksporti va boshqa mamlakat importi sifatida aks etadi. Turkmaniston bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy statistika idoralarining ko‘zgu ma’lumotlaridan foydalanilgan.
Markaz mutaxassisi Ruslan Abaturov mazkur sharhga asosan quyidagilarni gapirib berdi:
– Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari mintaqa davlatlariga yetkazib berish hajmini oshirdi. Asosiy hajm va o‘sish Qozog‘iston hamda O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Qozog‘istonning mintaqa mamlakatlariga eksporti 26,8 foizga oshib, 4,5 mlrd. dollarni, O‘zbekiston eksporti 34,5 foizga oshib, 2 mlrd. dollarni tashkil etdi. Qirg‘iziston yetkazib berish hajmini 18,3 foizga, 523 mln. dollargacha, Turkmaniston 10,4 foizga, 844 mln. dollargacha, Tojikiston 6,2 foizga, 209 mln. dollargacha oshirdi.
O‘zaro eksport tarkibida eng katta ulush Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelib, umumiy hajmning 55,9 foizini tashkil etdi. O‘zbekistonning ulushi 24,7 foiz, Turkmanistonniki 10,4 foiz, Qirg‘izistonniki 6,4 foiz, Tojikistonniki 2,6 foizni tashkil qildi. Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda mintaqa ichki yetkazib berish hajmining 80,6 foizini ta’minladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo o‘zaro eksporti o‘sishining qariyb 90 foizi ushbu ikki mamlakat hissasiga to‘g‘ri keldi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo mintaqa ichidagi eng yirik savdo yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. 2026-yilning yetti oyida ikki tomonlama savdo hajmi 3,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Qozog‘istonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan, shuningdek, O‘zbekistonning Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan savdo aloqalari ham salmoqli o‘rin tutadi. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo ham o‘sishda davom etmoqda. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo hajmlari esa nisbatan past darajada qolmoqda.
O‘zaro savdodagi ishtirokiga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarini ikki guruhga ajratish mumkin. Qozog‘iston va Turkmaniston asosan mintaqaviy netto-eksportyorlar sifatida ishtirok etsa, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston netto-importyorlar bo‘lib qolmoqda.
2026-yil yanvar–iyul oylarida Qozog‘istonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 5,9 mlrd. dollarga yetib, 25 foizga oshdi. Eksport 26,8 foizga oshib, 4,5 mlrd. dollarni, import 19,2 foizga oshib, 1,4 mlrd. dollarni tashkil etdi. Eksport importdan uch baravardan ziyod bo‘ldi, mintaqa bilan savdodagi ijobiy saldo qariyb 3,2 mlrd. dollarni tashkil qildi.
Markaziy Osiyo Qozog‘iston umumiy tashqi savdosining 6,7 foizini, jumladan eksportning 8,9 foizini va importning 3,7 foizini tashkil etdi. Mintaqaning Qozog‘iston uchun mahsulot sotish bozori sifatidagi ahamiyati tovarlar yetkazib berish manbasi sifatidagi ahamiyatidan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.
Qozog‘istonning asosiy hamkori O‘zbekiston bo‘lib, uning mintaqa mamlakatlari bilan savdosidagi ulushi 55 foizni tashkil etdi. Qirg‘iziston ulushi 25 foiz, Tojikiston 14 foiz, Turkmaniston 5 foizni tashkil qildi.
Barcha yo‘nalishlarda o‘sish qayd etildi. O‘zbekiston bilan savdo 30 foizga, Tojikiston bilan 25 foizga, Qirg‘iziston bilan 20 foizga, Turkmaniston bilan 6,1 foizga oshdi. Qozog‘iston joriy yilda mintaqa mamlakatlari bilan savdo hajmini faol oshirmoqda.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdosi 28 foizga oshib, 5,4 mlrd. dollarga yetdi. Eksport 35 foizga o‘sib, 2 mlrd. dollarni, import 25 foizga o‘sib, 3,4 mlrd. dollarni tashkil etdi. Salbiy saldo qariyb 1,4 mlrd. dollar bo‘ldi. Savdo taqchilligi asosan Qozog‘iston va Turkmaniston bilan savdoda kuzatildi, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdoda esa O‘zbekiston ijobiy saldoni saqlab qoldi.
Mintaqa O‘zbekiston tashqi savdosining 10,9 foizini, eksportning 10,1 foizini va importning 11,4 foizini ta’minladi. Tashqi savdo oqimlaridagi yaqin ulushlar Markaziy Osiyoning O‘zbekiston uchun ham mahsulot sotish bozori, ham tovarlar yetkazib berish manbasi sifatidagi roli nisbatan muvozanatli ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning mintaqa bilan savdosida Qozog‘iston ulushi 61 foizni, Qirg‘iziston 14 foizni, Turkmaniston 15 foizni, Tojikiston 11 foizni tashkil etdi. Ayni paytda nisbatan kichik savdo yo‘nalishlarida yuqori o‘sish qayd etildi. Qirg‘iziston bilan tovar ayirboshlash 54 foizga, Tojikiston bilan 45 foizga oshdi. Qozog‘iston bilan savdo 24 foizga, Turkmaniston bilan 16 foizga o‘sdi. Natijalar O‘zbekistonning mintaqaviy savdo geografiyasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Qirg‘izistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2 mlrd. dollarga yetib, 12,3 foizga oshdi. Import 10,3 foizga o‘sib, 1,5 mlrd. dollarni, eksport esa 18,3 foizga o‘sib, 523 mln. dollarni tashkil etdi. Eksportning yuqoriroq sur’atlarda o‘sishiga qaramay, salbiy saldo yuqori darajada saqlanib, 942 mln. dollarni tashkil qildi.
Markaziy Osiyo Qirg‘iziston tashqi savdo aylanmasining 19,9 foizini, importning 17,6 foizini va eksportning 31,4 foizini tashkil etdi. Mintaqa mamlakatlari Qirg‘iziston uchun, ayniqsa, mahsulot sotish bozori sifatida katta ahamiyatga ega.
Qirg‘izistonning mintaqaviy savdosi asosan ikki yo‘nalishda jamlangan. Qozog‘iston mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashning 61 foizini, O‘zbekiston 36 foizini tashkil etdi. Tojikiston ulushi 2,1 foiz, Turkmanistonniki 1,4 foiz bo‘ldi. O‘zbekiston bilan savdo 40,3 foizga, Tojikiston bilan 3,3 baravarga oshdi. Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash 0,6 foizga, Turkmaniston bilan 25,8 foizga kamaydi.
Tojikiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmini 30 foizga, 1,4 mlrd. dollargacha oshirdi. Import 35 foizga o‘sib, 1,2 mlrd. dollarni, eksport 6,2 foizga o‘sib, 209 mln. dollarni tashkil etdi. Natijada mintaqa bilan savdodagi salbiy saldo 977 mln. dollarga yetdi.
Markaziy Osiyo Tojikiston umumiy tashqi savdosining 17,6 foizini, importning 19,2 foizini va eksportning 11,7 foizini tashkil etdi. Mintaqaning mamlakat uchun tovarlar yetkazib berish manbasi sifatidagi ahamiyati mahsulot sotish bozori sifatidagi ahamiyatidan yuqori.
Qozog‘iston Tojikistonning mintaqa mamlakatlari bilan savdosida yetakchi hamkor bo‘lib, uning ulushi 64 foizni tashkil etdi. O‘zbekiston ulushi 30 foiz, Turkmaniston 3,4 foiz, Qirg‘iziston 2,7 foizni tashkil qildi.
Yetti oy davomida mintaqaning barcha mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi oshdi. Xususan, Qozog‘iston bilan savdo 32,7 foizga, O‘zbekiston bilan 13 foizga o‘sdi. Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan savdoda eng yuqori o‘sish sur’atlari qayd etilgan bo‘lsa-da, ularning hajmlari hali ham nisbatan kichik.
Turkmanistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti 844 mln. dollarni tashkil etib, 10 foizga oshdi. Turkmaniston hissasiga mintaqaning o‘zaro eksportining 10 foizi to‘g‘ri keldi. Asosiy yo‘nalishlar O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda, Qirg‘iziston va Tojikistonga yetkazib berish hajmlari esa nisbatan past.
Umuman, 2026-yil yanvar-iyul oylari natijalari mintaqa ichki savdosida ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdosi sezilarli darajada o‘sdi, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo aloqalari ham faollashdi.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo oqimlari hali ham kichik hajmda qolmoqda, savdodagi yirik nomutanosibliklar va mamlakatlar kesimida ayrim yo‘nalishlarga yuqori darajada bog‘liqlik saqlanib qolmoqda.
Mazkur sharoitda asosan ikki tomonlama savdodan ko‘p tomonlama ishlab chiqarish aloqalariga o‘tish alohida ahamiyat kasb etadi. Buning uchun notarif to‘siqlarni yanada qisqartirish, chegaraoldi infratuzilmasini rivojlantirish, texnik talablarni yaqinlashtirish, xomashyoga bog‘liq bo‘lmagan eksportni kengaytirish va transchegaraviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish zarur.
Mohigul Qosimova, O‘zA