Markaziy Osiyo – AQSH hamkorligining yangi bosqichi
Davlatimiz rahbarining AQSHga bu galgi tashrifi ham muhim uchrashuvlarga boy kechyapti. BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasida Prezidentimiz nutq so‘zlashi kutilmoqda. Bundan tashqari, tashrif davomida Amerika Prezidenti taklifiga binoan o‘tkaziladigan C5+1 formatidagi AQSH+Markaziy Osiyo sammiti rejalashtirilgan. Bu voqeani mintaqamiz jahon geosiyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etishining yorqin dalili sifatida baholash mumkin.
C5+1 g‘oyasi 2015 yil Samarqand shahrida hayotga tatbiq etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH hamkorligiga oid umumiy masalalarni hal etish uchun yaratilgan diplomatik muloqot platformasi hisoblanadi. Hozirgi kungacha ayni format doirasida o‘ndan ziyod vazirlar darajasida yig‘ilish o‘tkazildi. Bo‘lajak uchrashuvning eng muhim jihati shundaki, AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari ilk bor to‘planmoqda.
Navbatdagi C5+1 sammiti yetakchi mamlakatlarning mintaqaga qiziqishi ortishi yorqin namunasi sifatida Markaziy Osiyoning global munosabatlarni shakllantirishdagi muhim rolini yana bir bor ta’kidlaydi. Darhaqiqat, o‘tgan yil mintaqamiz o‘zaro hamkorlik va xorijiy tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama munosabatni rivojlantirishga qaratilgan sammitlar, iqtisodiy forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar markaziga aylandi. AQSH Davlat departamenti xabariga ko‘ra, joriy sammitdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyoda farovon va xavfsiz mintaqa yaratishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Sammit doirasida o‘tkaziladigan muloqotlar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochishi kutilmoqda. AQSHning Markaziy Osiyoga iqtisodiy sarmoyasini qayta tiklashga intilish davom etmoqda. Joriy yil mart oyida Entoni Blinken Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi, bu AQSH davlat kotibining uch yildan ziyodroq vaqt ichida mintaqaga birinchi shaxsan tashrifi bo‘ldi. Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi S5+1 uchrashuvida AQSHning mamlakatlarimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligi ta’kidlandi. Bayden ma’muriyati Markaziy Osiyodagi iqtisodiy barqarorlik tashabbusi (ERICEN)ga qo‘shimcha 20 million dollar ajratib, umumiy mablag‘ni 50 million dollarga yetkazishini e’lon qildi.
AQSH xususiy sektori ham Markaziy Osiyoga muntazam sarmoya yo‘naltirmoqda. Davlat departamenti xabar berishicha, ayni yo‘nalishda mintaqamizdagi tijorat korxonalariga 31 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritgan.
Ekspertlar qayd etishicha, navbatdagi C5+1 muloqotida Afg‘on inqirozini hal etish va ushbu davlatga gumanitar yordam ko‘rsatish yuzasidan ham fikr almashiladi. AQSH tahlilchilari sammit ishtirokchilari tomonidan Afg‘onistonning mintaqaviy xavfsizligini ta’minlash, mamlakatdagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish masalalari muhokama etilishiga e’tibor qaratgan.
Ta’kidlash joiz, mamlakatimizdagi tizimli islohotlar O‘zbekiston va AQSH hamkorligini yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyat yaratmoqda. O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqovning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Jo Bayden C5+1 sammiti arafasida Mirziyoyevga yo‘llagan maktubda amalga oshirilayotgan islohotlar ikki tomonlama munosabatni chuqurlashtirish garovi sifatida ta’kidlangan. Savdo va sarmoyaviy aloqani, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlar strategik sherikligimizni mustahkamlashiga ishonch bildirilgan.
Binobarin, har yili o‘tkaziladigan siyosiy maslahatlashuvlar yaqin hamkorlikka ko‘maklashuvchi strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarilgani, bu yil yuqori martabali delegatsiyalarning 20 dan ortiq o‘zaro tashrifi, shuningdek 150 dan ziyod idoralararo tashriflar amalga oshirilgani yuqoridagi fikrlarning tasdig‘idir.
Shu ma’noda Nyu-York shahrida C5+1 formatida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash bilan bog‘liq muhim masalalarga doir umumiy yondashuvlarni belgilash, ayni yo‘nalishda samarali mexanizm ishlab chiqish imkonini yaratadi, deyish mumkin.
Fazliddin Jamolov,
JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti
Amerikani o‘rganish markazi yetakchi ilmiy xodimi
Dilmurod Dilmurodov,
universitet talabasi