Markaziy fizika-kimyo laboratoriyasining bo‘linmasi ishga tushdi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati Shimoliy kon boshqarmasida ma’dan tarkibidagi qimmatbaho metallarni aniqlash uchun geologik namunalar Markaziy fizika-kimyo laboratoriyasida tahlil qilinmoqda.
Ayni paytda "Qoqpatas" va "Turbay" konlaridan qazib olinayotgan, ishlanishi murakkab bo‘lgan ma’danlarning geologik namunalarini tahlil qilish ehtiyoji ortib bormoqda. Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida "Sharqiy" koni hududida Markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyaning bo‘linmasi ishga tushirildi.

– Fizika-kimyoviy tahlil geologik namunada oltin va kumush kabi qimmatbaho metallar mavjudligini aniqlash imkonini beradi, – deydi Markaziy fizika-kimyoviy laboratoriya boshlig‘i Alisher Botirov. – Laboratoriyamiz bo‘linmasida tahlillarni tezkor o‘tkazish, xomashyo sifatini baholash imkoniyati mavjud. Ushbu bo‘linma bir kecha-kunduzda 300 dan ortiq geologik namunani qisqa muddatda tahlil qilish quvvatiga ega. Laboratoriya bo‘linmasi ishga tushirilishi natijasida 30 ga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Mazkur bo‘linma uchun bino Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan rekonstruksiya qilinib, zarur asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bu obyekt yer qa’ridan olingan namunalarni tez, aniq va ishonchli tahlil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri