Markaziy bankka kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha vakolat beriladi.
Bu “Kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilmoqda.
Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqida gap bordi. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Markaziy bank to‘g‘risida”, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”, “Bank siri to‘g‘risida”, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Elektron hukumat to‘g‘risida”, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida” va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiberxavfsizlikni ta’minlashga oid me’yorlar kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirish imkonini beradi.
Majlisda, shuningdek, Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda qator ijobiy natijalarga erishilganligi qayd etildi. Jumladan, viloyatda hokim yordamchilari tomonidan “Onlayn mahalla” platformasida 5 ming 441 mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida loyiha qiymati 1,27 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 23,5 ming ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan. Daromad topishga harakat qilayotgan 298 xonadon chorvachilik va parrandachilik, 331 nafar shaxs savdo va xizmat, 264 nafar kishi dehqonchilik va issiqxona yo‘nalishida tadbirkorlikka jalb qilingan.
Shu bilan birga, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganiga e’tibor qaratildi. Xususan, viloyatning Kattaqo‘rg‘on shahar, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanidan o‘tgan kanal qirg‘og‘ida xizmat ko‘rsatish va dam olish ob’ektlarini joylashtirish, viloyat hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmagan.
Majlisda Samarqand shahrida, Pastdarg‘om, Urgut, Ishtixon, Narpay, Payariq, Bulung‘ur tumanlarida tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi viloyat mas’ullariga ko‘rsatib o‘tildi.
N.Abduraimova, O‘zA