Markaziy bank qator bank va mikromoliya tashkilotlariga jarima qo‘lladi
Markaziy bank tomonidan moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sohada shaffoflikni kuchaytirish hamda qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan tizimli nazorat ishlari davom ettirilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida «Shaffof-moliya» va «Tezcoin» mikromoliya tashkilotlari hamda Uzum Bank faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, mikromoliya tashkilotlarida mikroqarz ajratishda qarz yuki bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilmagan, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi buzilgan, shartnomalarda qonunchilikda nazarda tutilgan ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagan hamda mijozlarning kredit tarixi haqidagi ma’lumotlar kredit byurolariga o‘z vaqtida taqdim etilmagan.
Uzum Bank’da esa rasmiy veb-sayt orqali iste’molchilarga taqdim etiladigan axborot hajmi bo‘yicha talablarga amal qilinmagani, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi buzilgani, kredit tarixi ma’lumotlari kechiktirib yuborilgani va shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar uchun Markaziy bank tomonidan «Shaffof-moliya» mikromoliya tashkilotiga — 201 million so‘m, «Tezcoin» mikromoliya tashkilotiga — 156 million so‘m, Uzum Bank’ka — 215,5 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, Ipoteka bank faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, bank tomonidan ham bir qator qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi. Jumladan, ayrim holatlarda kredit to‘lovlari qarz oluvchilarning bank kartalaridan to‘lov jadvalida belgilangan sanadan oldin yechib olingan. Shuningdek, shartnomada nazarda tutilmagan holda mablag‘larni mijoz roziligisiz yechib olish, garov reyestriga oid ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda rasmiylashtirmaslik va shartnomalarni rasmiylashtirishdagi kamchiliklar ham qayd etildi.
Mazkur qonunbuzilishlar uchun Ipoteka bankka nisbatan 105 million so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida tijorat banklarining hududiy filiallari va alohida bo‘linmalarida «sirli mijoz» usulida nazorat tadbirlari ham o‘tkazildi.
Nazorat natijalariga ko‘ra, ayrim banklarda iste’molchilar bilan ishlashda oshkoralik, shaffoflik va axborotlarni to‘liq taqdim etish bo‘yicha qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan 14 ta tijorat bankiga nisbatan jami 681,5 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Eng yirik jarimalardan biri Agrobankka — 255 million so‘m, O‘zsanoatqurilishbankka esa 119,5 million so‘m miqdorida belgilandi.
Markaziy bank ta’kidlashicha, moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, moliya bozorida shaffoflikni ta’minlash hamda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA