Markaziy bank bankomatlar orqali xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga chaqirdi
Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bankomatlar faoliyatidagi texnik nosozliklarni bartaraf etish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha qator vazifalarni belgilab berdi.
2026-yil 15-may kuni yuborilgan rasmiy ko‘rsatma xatda bankomatlar orqali naqd pul yechish jarayonida uchrayotgan muammolarni oddiy texnik holat emas, balki iste’molchilar manfaatlariga bevosita ta’sir qiluvchi muhim masala sifatida ko‘rish lozimligi ta’kidlangan.
Xususan, kartadan mablag‘ yechilib, naqd pul berilmasligi, mablag‘larning kechikib qaytarilishi, muvaffaqiyatsiz operatsiya uchun komissiya ushlab qolinishi yoki karta bankomatda qolib ketishi bilan bog‘liq holatlar fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Markaziy bank bu kabi murojaatlarda mijozlarni sarson qilmaslik, ularni turli idoralar o‘rtasida yugurtirmaslik hamda muammolarni tezkor hal qilish zarurligini uqtirdi. Endi bankomat bilan bog‘liq murojaatlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqilishi, fuqarolarga murojaat identifikatsion raqami va ko‘rib chiqish muddati ko‘rsatilgan tasdiqnoma taqdim etilishi lozim.
Shuningdek, banklar va to‘lov tizimlariga mijozlar uchun harakatlar ketma-ketligi, xizmat haqlari va muammo yechimi bo‘yicha aniq ma’lumotlarni shaffof tarzda taqdim etish vazifasi yuklatildi. Fuqarolar qaysi kanal — koll-markaz, mobil ilova, veb-sayt yoki filial orqali murojaat qilmasin, bir xil va aniq javob olishi ta’minlanishi kerakligi belgilandi.
Regulyator “murojaatni ko‘rib chiqish” amaliyotidan “kafolatlangan natija” modeliga o‘tish zarurligini ham ta’kidladi. Bunda asosiy mezon sifatida mijozning pul mablag‘laridan qayta foydalanish imkoniyati tiklangan vaqt hisoblanadi.
Shu bilan birga, to‘lov tizimlariga tasdiqlangan texnik xatoliklar bo‘yicha mablag‘larni mijoz murojaatisiz avtomatik tarzda qaytarish amaliyotini kengaytirish, muvaffaqiyatsiz operatsiyalar uchun ushlab qolingan komissiyalarni ham avtomatik qaytarish mexanizmlarini joriy etish tavsiya qilindi.
Markaziy bank bankomat va infokiosklar texnik holatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, qurilmalarning aloqa tizimi, elektr ta’minoti va uzluksiz quvvat manbalari (UPS) barqaror ishlashi ta’minlanishi, eskirgan bankomatlar bosqichma-bosqich yangilanishi belgilandi. Ayniqsa, ko‘cha hududlarida joylashgan yoki ko‘p shikoyat kelib tushayotgan qurilmalar doimiy profilaktik nazoratga olinadi.
Ta’kidlanishicha, bankomatlar sonini ko‘paytirishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi, aholi uchun qulay, ishonchli va adolatli xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirishdir. Texnik nosozlik yuz berganda esa iste’molchi muammo bilan yolg‘iz qolmasligi shart.
Sh.Mamaturopova, O‘zA