Markaz ilk tahsil oluvchilarni qabul qildi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak dala o‘quv maydoni negizida tashkil etilgan Tank va jangovar mashinalar ekipajlarini tayyorlash markazi o‘zining ilk tahsil oluvchilarini qabul qilib oldi. Dars jarayonlarini boshlash oldidan tashkil etilgan tantanali tadbirga okrug qo‘mondonligi vakillari, faxriy harbiylar, bir guruh yoshlar va nuroniylar taklif etildi.
So‘z olganlar barchani O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi shodiyonasi bilan tabriklab, davlatimiz tomonidan harbiylarga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng mehmonlar dala o‘quv maydonida yaratilgan shart-sharoitlar va tahsil berish jarayonlari bilan tanishdi.
Muborak dala o‘quv maydoni markaz faoliyati uchun har tomonlama qulayliklarga ega. Yotoqxona, oshxona, kutubxona, o‘quv xonalarining to‘liq jihozlanganligi nazariy bilimlarni egallashda muhim sanalsa, saf tortib turgan yuzlab jangovar mashinalar amaliy bilimlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, sifatli ta’limni ta’minlash maqsadida yuqori malakaga ega, bilimli ofitser va serjantlar ustoz sifatida saralab olingan.
Tahsil oluvchilar mukammal tuzilgan dars jadvali asosida o‘qitilishi bilan bir qatorda, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida ham rejali tadbirlar belgilab olingan.





O‘lmas Baratov, O‘zA