Mark Leonard: G‘arb parchalandi, Yevropa mustaqil kuchga aylanmoqda
Yevropa Xalqaro munosabatlar kengashi direktori Mark Leonard “Politico” nashri muxbiriga, jumladan, shunday degan: – Demokratiya va liberalizmga asoslangan xalqaro tartib amalda quladi va biz o‘nlab yillar davomida bilgan birlashgan G‘arb endi yo‘q.
Uning fikricha, Tramp ma’muriyati olib borayotgan siyosat transatlantik hamkorlik parchalanishini tezlashtirdi va Amerika Qo‘shma Shtatlariga, hatto, Yevropadagi ittifoqchilar ishonchini ham yo‘qotdi.
– Hozir yevropaliklarning faqat oltidan bir qismi AQSHni ittifoqchi, deb biladi, – deydi ekspert. – Masalan, Germaniya, Fransiya va Ispaniyada bu ko‘rsatkich 30 foizdan kam, Shveysariyada 39 foiz. Shu bilan birga Yevropa Ittifoqiga nisbatan ham salbiy munosabat kuchaymoqda. Rossiyada esa Amerikaga nisbatan adovat kamaygan.
Leonard ta’kidlashicha, Kiyev xavfsizlik borasida endi AQSH emas, balki Yevropaga ko‘proq tayanmoqda. Ukraina fuqarolarining qariyb uchdan ikki qismi YeI bilan mustahkam aloqa o‘rnatilishini kutadi, faqat uchdan biri Vashingtonni qulay sherik deb hisoblaydi.
Siyosatchi xalqaro maydonda Xitoyning ta’siri kuchayib borayotganiga ham e’tibor qaratgan. Janubiy Afrika, Braziliya, Turkiya va Hindistonda ko‘pchilik Pekin Amerikaga nisbatan ishonchli, deb biladi. Ekspert ko‘hna qit’a mustaqil kuch qutbiga aylanishi mumkinligi yoki global siyosatda chetga surilishi xavfi borligini ta’kidlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yevropaliklar allaqachon mudofaa xarajatini ko‘paytirish, harbiy xizmatni qayta tiklash va hatto, o‘z yadroviy tiyib turuvchi vositalarini yaratishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Mark Leonard vaziyat tubdan o‘zgargani, endi G‘arb “o‘yin qoidasi”ni alohida o‘zi taklif qila olmasligiga urg‘u berib, maqolaga shunday xulosa qilgan:
– Bunday dunyoda siz yo o‘z ta’sir doirangizga ega qutbsiz yoki boshqa birovning ta’sir doirasidagi kuzatuvchisiz!
S.Rahimov, O‘zA