Marjona Pardaboyeva ikki karra jahon chempioniga aylandi
AQSHning Xantsvill shahrida para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida hamyurtlarimiz Marjona Pardaboyeva va Pokiza Ahmadbekova muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Musobaqa dasturiga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi guruh poygalarining T1 klassida 27,6 kilometr masofaga kechgan bahsda Marjona Pardaboyeva barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa, hamyurtimiz o‘z faoliyatidagi ikkinchi jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Ushbu yo‘nalishda xitoylik Chuan Shitsi kumush, chexiyalik Pavlina Veyvodova esa bronza medaliga ega chiqdi.
Shuningdek, H1 toifasida 13,8 kilometr masofaga o‘tkazilgan guruh poygasida Pokiza Ahmadbekova marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.

Qayd etish joizki, har ikki sportchimiz chempionatning avvalgi kunida o‘tkazilgan vaqt poygasida ham zafar quchgan edi.
Jahon chempionati bugun o‘z yakuniga yetadi. Musobaqaning so‘nggi kunida Bunyod Haytmuhammadov O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA