30 iyun - Yoshlar kuni
Hozirgi kunda mamlakatimiz yoshlariga nisbatan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ular uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga havas qilsa arziydi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham yoshlar salohiyatini yuksaltirish, va har tomonlama rivojlantirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan.
Quvonarlisi, mavjud imkoniyatlardan yigit-qizlarimiz unumli foydalanib, nafaqat mamlkatimiz, balki dunyoning rivojlangan davlatlarida o‘qib, tajriba oshirib, bilimini boyityapti, yuqori natijalarga erishyapti.

Bu galgi suhbatdoshimiz – Marjona Boboyeva ham hali maktab o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, o‘z faolligi ortidan AQSHdagi nufuzli maktabda o‘qib qaytdi. Suhbatdoshimiz Davlat departamenti tomonidan tashkil etilgan FLEX (Kelajak yetakchilari almashinuvi) dasturining 2024-2025 yilgi ishtirokchisi. U bir yillik ta’lim dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.
– Marjona, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, O‘zbekistonga qaytganingiz bilan tabriklaymiz. Okean ortida yolg‘iz o‘zingiz, ya’ni oila a’zolarisiz qanday holatlarni boshdan kechirdingiz?
– So‘zim avvalida O‘zbekistonning omadli, baxtli qizlaridan biri ekanim, barcha erishgan yutuqlarim esa mamlakatimiz yoshlari uchun yaratilgan qulayliklar samarasiligini aytmoqchiman. 2024 yil minglab yoshlar orasidan saralanib, AQSH maktabida o‘qish huquqini qo‘lga kiritdim. Dastlab hammasi juda hayajonli tuyulgan – Boshqa jamiyat, yangi madaniyat. Faqat yurt sog‘inchi, oilam va do‘stlarimni sog‘inish hissi meni ko‘proq qiynadi. O‘zimni yo‘qotmaslik uchun faol bo‘lishga qaror qildim. Bu borada menga sportga qiziqishim, avval ko‘ngilli sifatida turli loyihalarda ishlaganim qo‘l keldi.

– Qaysi sport turi bilan shug‘ullangansiz va bu sizga qanday yordam berdi?
– Men Lamar o‘rta maktabi “Sheerleading” ommaviy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash jamoasiga qo‘shildim. Dastlab bu mashg‘ulot begonadek tuyuldi. Vaqt o‘tishi bilan esa xobbiga, ikkinchi oilamga aylandi. Musobaqaga tayyorgarlik, jamoaviy chiqish, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash orqali tengdoshlar bilan chinakam do‘stlik rishtasi paydo bo‘ldi. Esimda, Missuri shtatidagi 18 ta maktab jamoasi bilan bellashib, har safar g‘alaba qozonganmiz. Ayniqsa, yetakchi universitetdagi finalda birinchi o‘rinni olganimizni hech qachon unutmayman. O‘sha g‘alaba jamoamizning tinimsiz mehnati va birdamligimiz yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘lgan.
– Mamlakatimizda ham, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Sizningcha, bu boradagi o‘xshashlik yoki farq nimada?
– Darhaqiqat, O‘zbekiston maktablarida hozir jismoniy tarbiya va sport asosiy yo‘nalishlardan biriga aylangan. Voleybol, futbol, stol tennisi, kurash, yengil atletikaga qiziquvchilar ko‘p. Shu bilan birga “Sheerleading” singari jamoaviy o‘yinlar ham rivojlantirilsa, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bu borada AQSH tajribasini o‘zlashtirish foyda beradi. Ayniqsa, qizlarda jismoniy faollik va ijodiy ifoda erkinligini targ‘ib qilishda bunday mashg‘ulotlar ayni muddao, deb o‘ylayman.

– AQSHdagi ko‘ngillilik faoliyatingiz haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Ko‘ngilli faoliyat meni Amerika jamiyatga oson moslashtirgan eng muhim vositalardan biridir. Masalan, “Ronald McDonald House” uyida og‘ir ahvoldagi oilalar uchun ovqat tayyorladim, “Milford” cherkovida bolalarga qarashdim, sport o‘yinlarida qatnashdim. Hatto, “Rojdestvo” paradi kabi tadbirlarda ham ishtirok etdim. Shu orqali o‘zimni jamiyatning faol, foydali a’zosi sifatida his qildim. Volontyorlik faoliyatim har doim e’tirof etilardi. Bir necha bor maxsus sertifikat bilan taqdirlandim.
Aslida, ko‘ngillilik faoliyatimni ancha oldin boshlaganman. Bir yilga yaqin “Ibrat farzandlari” guruhida ishlaganman. Bu tashabbus yoshlar ingliz tilini chuqur o‘zlashtirishi va o‘ziga xos rag‘bat olishiga xizmat qiladi. Loyiha davomida ingliz tilini mukammal biladigan ustozlar va ilhomlantiruvchi shaxslar ishtirokida ommaviy motivatsion uchrashuvlar, ochiq ma’ruzalar tashkil etilgan. Men esa shu tadbirlarning tashkiliy qismida faol edim. Xususan, jamoa bilan birga ma’ruza mavzusini rejalashtirish, mehmonlar bilan muloqot qilish, rasmiy xat tayyorlash, auditoriyaga yo‘naltirilgan loyihalarni tayyorlash bo‘yicha amaliy tajriba orttirdim.

Bundan tashqari o‘zim o‘qigan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-umumta’lim maktabining ham doimiy va faol ko‘ngillisiman. Sinfdoshlar bilan Mehribonlik uylariga borib, bolalar uchun kichik tadbirlar tashkil qilamiz, ekologik hasharlar, mahalla tozaligi anjumanlarida qatnashamiz. Bu jarayon yoshlarda ijtimoiy mas’uliyat, jamiyat oldidagi burch hissini shakllantiradi. Aynan shunday mashg‘ulotlar AQSHdagi volontyorlik faoliyatimda beqiyos yordam berdi. Zero, odamlar bilan tez va samimiy muloqotga kirishish, mas’uliyatli vazifani bajarish, tashkiliy muhitda o‘z o‘rnini topish ko‘nikmasi menda oldindan shakllangan edi.
Fikrimcha, volontyor o‘zini jamiyatda kerakli shaxs, deya his qiladi. Bu esa har qanday yosh uchun muhim ichki kuch va motivatsiya manbaidir. O‘zbekiston maktablari va yoshlar tashkilotlari ham shu ruhni keng yoyishga harakat qilayotgani kishini mamnun etadi.
– Marjona, xorijdagi bir yillik davr, turfa madaniyat, o‘zgacha muhit, boshqa yurtda yashash sizni qanday o‘zgartirdi?

– Bu men uchun juda katta o‘sish, tajriba maktabi bo‘ldi. Mazkur muhitda boshqa din vakillari urf-odatini yaqindan o‘rgandim, ularni ham hurmat qilish zarurligini angladim. Diniy bag‘rikenglik va o‘zaro anglash ommaviy qadriyat ekanini ko‘z bilan ko‘rib, yurakdan his qildim.
O‘z ustimda yanayam ko‘p ishlash, qat’iyatli bo‘lish lozimligini tushundim. Sport kishiga ishonch beradi, ko‘ngillilik esa yurakni kengaytiradi. Yil davomida o‘zini biroz begona his qilgan insondan jamiyatningto‘laqonli a’zosiga aylanish men uchun katta yutuq bo‘ldi.
– FLEX dasturida ishtirok etishni xohlovchitengdoshlaringizga larga qanday tavsiya berasiz?
– Asosiysi – harakatdan to‘xtamaslik, yangilikni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik. Sport bilan shug‘ullaning, ko‘ngilli bo‘ling, jamoaga qo‘shiling. Shunda nafaqat do‘stlaringiz ko‘payadi, balki sizda butunlay yangi dunyoqarash shakllanadi. Zero, O‘zbekiston cheksiz imkoniyatlar mamlakati!

O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.