Endilikda tennischi Mariya Timofeyeva xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etadi.
21 yoshli sportchi hozirda WTA jahon reytingida 146-o‘rinni egallab turibdi. Uning eng yaxshi natijasi — 2023 yil avgust oyida qayd etilgan - 93-o‘rin. Joriy yilning o‘tgan haftasida Mariya Portugaliyada bo‘lib o‘tgan “ITF W75 Quinta do Lago” musobaqasida g‘alaba qozonib, navbatdagi yutug‘ini qo‘lga kiritdi.
— Biz Mariya Timofeyevani O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida kutib olishdan mamnunmiz. U kuchli, maqsadli va fidoyi sportchi sifatida mamlakatimizning xalqaro tennis maydonidagi mavqeini mustahkamlashga hissa qo‘sha oladi. Uning qaror qabul qilishi Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) va Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) qoidalariga to‘liq mos holda amalga oshirildi, — dedi O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Sardor Kamilov.

U shuningdek, mazkur qaror O‘zbekiston tennis federatsiyasi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Bu mamlakatda professional tennisni rivojlantirish va ayollar terma jamoasining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Endi Mariya WTA turnirlari hamda Billie Jean King Cup musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
— Biz ishonamizki, uning tajribasi va o‘yin darajasi yosh tennischilarga ilhom bag‘ishlaydi hamda O‘zbekistonda tennisga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi, — deydi Sardor Kamilov.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy terma jamoalarning mavqeini oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.
Jamoa tarkibiga jahon darajasidagi sportchining qo‘shilishi mamlakatimizda professional tennis maktabini shakllantirish sari muhim qadam bo‘lib, yosh o‘yinchilar uchun ulkan tajriba manbai sanaladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA