Mariya Timofeyeva Turkiyada chempion bo‘ldi
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining uchinchi raqamli tennischisi Mariya Timofeyeva Turkiyaning Istanbul shahrida ayollar o‘rtasida tashkil etilgan WTA125 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirda bosh sovringa ega chiqdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida Mariya Timofeyeva xorvatiyalik Donna Vekichga qarshi bahs olib bordi. Ikki set davom etgan uchrashuvda tennischimiz 6:4, 6:2 hisobida g‘alaba qozongan holda musobaqa chempioniga aylandi.

Mariya uchun ushbu muvaffaqiyat 15 ming 500 AQSH dollari pul mukofoti bilan birga WTA reytingining 125 ochkosini taqdim etdi. Musobaqa vitse-chempioni bo‘lgan Donna Vekich esa 8 ming 400 AQSH dollari va 81 reyting ochkosiga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA