Mariya Timofeyeva — «Eupago Porto Open» turniri g‘olibi
Portugaliyaning Portu shahrida tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan WTA 125 toifasidagi «Eupago Porto Open» turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Mariya Timofeyeva yakkalik bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Mariya Timofeyeva musobaqa davomida dastlab Sofiya Jonsonni (Buyuk Britaniya), ikkinchi bosqichda Kaysa Rinaldo Personni (Shvetsiya), chorak finalda Gabriela Knutsonni (Chexiya) va yarim finalda Miya Poxankovani (Slovakiya) yengib, finalga chiqdi. Musobaqa bosh sovrini uchun o‘tgan o‘yinda esa amerikalik Riz Brantmayyerni 7:6 (8), 6:2 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa, “Eupago Porto Open” bosh sovrinini qo‘lga kiritgan Mariya Timofeyeva tashkilotchilar tomonidan 15 ming 500 AQSH dollari miqdorida mukofot puli hamda 125 reyting ochkosi bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA