Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ma’rifat va bank: Bilimli jamiyat bilan qudratli iqtisodiyot sari” forumi boshlandi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Milliy kutubxona, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdo uyushmalari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda tijorat banklari hamkorligida tashkil etildi.
Uch kun davom etadigan forumda respublika banklari, nashriyotlar, ijodkorlar, jamoatchilik faollari va kitobxonlar qatnashmoqda.
Forumdan ko‘zlangan maqsad aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, kitobxonlikni kengaytirish, mahalla darajasida bilim manbalarini yaqinlashtirish va iqtisodiy qarorlar qabul qilinishida aholining qatnashuvini kuchaytirishdan iborat.
[gallery-25432]
Forumni Markaziy bank raisi o‘rinbosari A.Turdaliyev va Milliy kutubxona direktori U.Teshaboyeva kirish so‘zlari bilan ochib berdi.
Forum doirasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Shuhrat Daryo jonli ijroda chiqish qildi. Banklar va nashriyotlarning uchrashuvlari o‘tkazildi, “Tingla AI” va “Bookblok” ilovalari namoyish etildi. “Milliy karaoke” jamoasi chiqishi, “Ochiq mikrofon” dasturi hamda kitob savdo yarmarkalari bo‘lib o‘tmoqda.
Shuningdek, forum doirasida ishtirokchilarga bank tizimi va nashriyotlar hamkorligi bilan tanishish, yangi loyihalar haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan.
Forumning birinchi kunida bilimli jamiyat iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili ekani keng targ‘ib qilinmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘.Haitov (surat),
O‘zA muxbiri