“Ma’rifat targ‘ibotchilari” ayollar koloniyasida
Mamlakatimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” Toshkent viloyatida ham ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Festival doirasida o‘nlab loyihalar, davra suhbatlari, turli tanlovlar, uyushmagan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, tashkilot, korxona va mahallalarga kirib borilyapti.
Zangiota tumanida joylashgan umumiy tartibdagi ayollar koloniyasida tashkil etilgan “Ma’rifat soati”da ham “Ma’rifat targ‘ibotchilari” ishtirok etib, jazoni ijro etish muassasasidagi ayollar bilan suhbatlashdi.

Tadbirda “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova ayol go‘zal xilqat, oila bekasi ekanligiga e’tibor qaratib, inson xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarishi, uni takrorlamaslikka urinishi, buning uchun o‘zida kuch topa olishi lozimligini bildirdi.
Yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhitdinova esa ayollarga qarata har qanday sharoitda ham orzu qilishdan to‘xtamasliklari, oldiga maqsad qo‘yib, ularni amalga oshirish uchun to‘xtamay mehnat qilishi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan bir qatorda, vaqtdan oqilona foydalanib, kitob o‘qish, jazo muddati tugagandan so‘ng esa ana shu bilim yordamida o‘z yo‘lini topish zarurligini aytdi.
Qayd etilishicha, mazkur ayollar koloniyasida kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kunda kutubxonada 15 mingdan ortiq badiiy hamda turli sohaga oid kitoblar bor, quvonarlisi, kitobxonlar safi ortib bormoqda.
Tadbir doirasida konsert dasturi namoyish etildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA