Ma’rifat maskani (+video)
Uy-muzeyi tashkil etish an’anasining tarixi bir necha o‘n yilliklarga borib taqaladi. Hozirgi kunda birgina Toshkent shahrining o‘zida o‘nlab atoqli adib va ziyolilarimiz yashagan xonadonlar uy-muzeyiga aylangan. Ammo keyingi yillarda bu an’ana biroz to‘xtab qolgandek edi, go‘yo. Zero, xalqimiz uy-muzeyi sifatida tashkil etilishini intiq kutayotgan ko‘plab ziyolilarimiz yashagan hovlilar oz emas. Bu tabarruk manzillarda fidoyi allomalarimizning shaxsiy buyumlari, qo‘lyozmalari, bir so‘z bilan aytganda, nafasi saqlanib qolgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Abdulla Oripov – o‘zbek xalqining ardoqli farzandi, atoqli shoiri, ozod O‘zbekiston madhiyasi matnining muallifi. Sobiq ittifoqning bir yoqlama mafkurasi qilichi ziyolilarimizning qutlug‘ qoni bilan bo‘yalgan va bu qon hali qurib ulgurmagan, ijodkorlarimiz boshi uzra qatag‘on siyosati ko‘lankasi solib turgan tahlikali davrda "O‘zbekiston – Vatanim manim!" deya o‘z yurtini baralla tarannum etish uchun hamma ham o‘zida jur’at topmagan. Mana shunday jasur qalam ahli eslanganida, shubhasiz, Abdulla Oripov nomi birinchilar qatorida zikr qilinadi. Qolaversa, millionlab qalblarni o‘zining lirik nazmiy asarlari orqali ezgulik va mehr-oqibat, pokiza ishq va vatanparvarlik tuyg‘usi bilan to‘ldirgan ham Abdulla Oripov edi.
Do‘rmon ijod uyiga tutash hovlida Abdulla Oripov 1996-2016-yillarda yashab, ijod qilgan. Joriy yil qahramon shoirimiz tavalludiga 85 yil to‘ldi...
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi "Do‘rmon" qo‘rg‘onida Abdulla Oripov uy-muzeyining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning nomini adabiylashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Toshkentdagi Adiblar xiyobonida haykali o‘rnatildi, Qashqadaryo viloyatida Abdulla Oripov ijod maktabi faoliyat yuritmoqda, asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda. Xalqimizning ma’naviy yuksalishi yo‘lidagi bu xayrli ishlar tizimli tartibda davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyatida ochilgan ushbu maskan Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosini keng targ‘ib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘ururni mustahkamlash, avlodlarni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0UjvWHoJdvA" title="Ma’rifat maskani " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muuhayyo Turdaliyeva, Doniyor Yakubov, Iskandar Ismatov, O‘zA