Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mikro gidroelektrstansiyalar qurish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Xitoyning "Zheijing Jinlum Electromechanic" LTD kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Andijon viloyatining 9 ta hududida mikro gidroelektrstansiyalar qurish ishlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralarda tomonlar hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi.
Umumiy qiymati 40 million AQSH dollariga teng loyihalar doirasida barpo etilishi rejalashtirilgan gidroelektr stansiyalar viloyatdagi 50 mingdan ziyod xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashi ko‘zda tutilmoqda.
[gallery-14765]
Umuman, bugungi kunda mikro GESlar qurish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari va mutaxassislari bilan hamkorlik olib borilmoqda. Jumladan, Marhamat tumanidagi Rohat mahallasi hududida "Mingtepa gidro energiya" mas’uliyati cheklangan jamiyati, Xitoyning "Zhejiang Jinlun Electromechanical" LTD hamda "XJY Power PTE" LLC kompaniyalari hamkorligida umumiy qiymati 9 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyiha doirasida GES qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Qurilishi boshlanayotgan mazkur gidroelektr stansiyaning yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 19,4 million kVt soatni tashkil etadi. GES ishga tushirilishi bilan 18 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 5,2 million metr-kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Eng muhimi, hududdagi 8 mingta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari