Xotira va qadrlash kuni arafasida Marg‘ilon shahrida unutilmas voqea ro‘y berdi. Ijodkorlar bog‘ida “San’atkorlar xiyoboni” ochilishiga bag‘ishlangan tantanali anjumanga ahli Marg‘ilon, san’atkorlarning shogird va oila a’zolari, mehnat faxriylari va yoshlar yig‘ildilar.
Milliy urf-odatga ko‘ra olamdan o‘tgan san’atkorlarni xotirlab Qur’on oyatlari o‘qildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon azal-azaldan buyuk san’atkorlar yetkazib bergan zamin bo‘lgani, marg‘ilonliklar o‘zbek san’ati va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng ramziy qizil tasma kesilib, “San’atkorlar xiyoboni” ochildi. Bu joyda Marg‘ilonda tug‘ilib o‘sgan haqiqiy san’at darg‘alarining byustlari joy olgan.

O‘zbek sozandaligini, aniqrog‘i doira zarbini dunyo miqyosida targ‘ib qilib, Buyuk Britaniya qirolichasi e’tirofiga sazovor bo‘lgan Usta Olim Komil yodgorligi ziyorat qilindi. Uning yonida atoqli qiziqchi, O‘zbekiston Qahramoni Yusufjon qiziq Shakarjonovga yodgorlik o‘rnatilgan. Jo‘rovoz xonandalar Ma’murjon Uzoqov va Jo‘raxon Sultonovlar yonma-yon kuylayotgandek... Muhiddinqori Yoqubov, sahna qirolichasi deb nom olgan Lutfixonim Sarimsoqova, dunyo sahnalarini zabt etgan Tamaraxonim, O‘zbekistonga “Bahor”ni hadya etgan Mukarrama Turg‘unboyeva, sohir ovoz sohibi Halima Nosirovaga qo‘yilgan byustlar qalblarda faxr va surur o‘yg‘otadi. Har bir san’atkor yodgorligi oldida uning ijodidan shogirdlari parchalar ijro etdilar.

Shu yerda Erkin Vohidov nomli ijod maktabiga viloyat hokimining sovg‘asi – avtobus topshirildi.


Tadbirda so‘zga chiqqan marg‘ilonliklar “Ijodkorlar bog‘i”ni ta’mirlab, zamonaviy loyihada qayta qurib berilgani va ulug‘ san’atkorlar xotirasi qadrlanib, yangi xiyobon ochib berilgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorchilik bildirdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Uoo2WUhPAn8" title="Marg`ilonda “San’atkorlar xiyoboni” ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov