FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ijodiy olimpiadaning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning birinchi kunida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ishtirokida uchrashuv hamda she’rxonlik kechasi tashkil etildi. Unda respublikamizning barcha hududlaridagi ijod maktablaridan kelgan ustozlar, o‘quvchilar, shoir va yozuvchilar, ziyolilar ishtirok etdi. Tadbirning ikkinchi kuni ijodiy olimpiadaning final bosqichi boshlandi. Unda mazkur olimpiadalarning hududiy bosqichida saralab olingan agentlik tizimidagi ijod maktablarining 8-9-sinf o‘quvchilaridan 18 nafari ishtirok etdi. Ular 3 ta shart – “Ijodiy matn”, “Monolog” va “Bahru bayt” bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
[gallery-22670]
– Respublika bosqichida ishtirok etish oson bo‘lmadi, - deydi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining 9-sinf o‘quvchisi Muhsina Abdullayeva. – Jarayonlar juda shaffof va yaxshi tashkil etilgan. Olimpiadada ko‘p yangi tanishlar orttirdim, yangi do‘stlarim bilan kun davomida fikr almashdik va bilmaganlarimni o‘rganishga katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, bilimdon odamlar bilan muloqot qilish, ulardan o‘rganish men uchun juda qimmatli tajriba bo‘ldi.
Yoshlarning faolligi va do‘stona ruhda o‘tgan ijodiy olimpiada yakunida g‘oliblar munosib taqdirlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA