Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni (+video)
Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugining Kakaydi garnizonidagi harbiy qismda “Chaqiriluvchi kuni” mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
“Mard askar – yoshlarga namuna” g‘oyasi asosida tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyatining tumanlari va Termiz shahridan joriy yilda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlar ishtirok etdi.
Mudofaa vazirligi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmat nufuzini oshirish, yoshlarning Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli ishlarni olib bormoqda. Harbiy qism va muassasalar hududida o‘quvchilar uchun “Ochiq eshiklar kuni”, ekskursiyalar, uchrashuv va suhbatlar tashkil etilib, ular o‘quv markazlari va dala-o‘quv maydonlarida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etayotir.
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 33 yilligi nishonlanadigan yilda an’anaviy o‘tkazilishi belgilangan “Chaqiriluvchi kuni” mashg‘ulotlari ham yoshlar, ayniqsa, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yigitlar uchun harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar kompleksini yanada takomillashtiradi. Ularning fuqarolik burchini, harbiy xizmat jozibadorligi va nufuzini oshirishga, Vatanni himoya qilish hamda Qurolli Kuchlarimiz safida sharafli xizmat qilishga tayyorlash va bundan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qiladi. Buyuk harbiy an’analarimizni saqlab, yoshlarni harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarga yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar bilan yaqindan tanishtiradi.
Sayyoramizning turli hududlarida yuz berayotgan qurolli mojarolar va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar sharoitida yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ko‘maklashib, ularning ongu shuurida tinch, totuv va to‘kin hayotni ko‘z qorachig‘idek asrashning ulug‘ ne’mat ekanini chuqur his etishiga yordam beradi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Davronbek Abdurahimov va boshqalar osuda, obod mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, tinchligimiz posbonlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va “Chaqiriluvchi kuni” mashg‘ulotining bo‘lg‘usi Vatan himoyachilarini tarbiyalashdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi barcha kuch tuzilmalarining mas’ul harbiy xizmatchilari harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
[gallery-21166]
– Chaqiriluvchilar uchun tashkil etgan bu tadbirimiz o‘quvchi-yoshlarda harbiy xizmat va uni o‘tashning huquqiy asoslariga oid bilimlari hamda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir, – deydi Kakaydi garnizonidagi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Ixtiyor Choriyev. – Shuningdek, yoshlarda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshiradi, jismoniy qobiliyatini, ma’naviy sifatlari va intellektual salohiyatini yuksaltiradi. Vatanni himoya qilish, uni ko‘z qorachig‘idek asrashning buyuk ne’mat ekanini chuqur anglab, harbiy xizmatga, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini oshiradi.
Bunday ulug‘vor maqsadga erishish uchun barcha sharoitlarga ega harbiy qismda yoshlarning tanishuv maydoniga aylangan “Qurolli Kuchlar paviloni” tashkil etildi. “Chaqiriluvchi paviloni”da muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga hamda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirish tartibi, qoidalari, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi va talablari, ya’ni, jismoniy tayyorgarlik va umumta’lim tayyorgarlik darajasi bo‘yicha talablar, xizmat yakunlangandan so‘ng beriladigan imtiyozlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. “Jangovar tayyorgarlik paviloni”da o‘quv avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha amaliy me’yorlarni bajarish hamda o‘q otish qoidalarini o‘rgatish uchun o‘quv-mashq majmui zarur texnik va ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlandi. Hududda amaliyot mashg‘ulotlari uchun gaz niqob kiyish, aloqa vositalarini sozlash va ulardan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar, shuningdek, o‘q otish qurollarini ko‘rsatishda o‘quv nuqtalari tashkil etildi. “Moddiy ta’minot paviloni” yaratilib, harbiy kiyim, anjom va jihozlarning namunalari joylashtirildi. Harbiy xizmatchilar uchun ovqatlanish ratsionlari, jumladan, quruq (quritilgan) ovqatlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladigan joy hozirlandi. “Psixologik ishlar paviloni”da psixologik yuklamalarni yechish va ruhiy barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shinlarda olib borilayotgan tadbirlarni amaliy tarzda ko‘rsatib berish, o‘quvchi-yoshlar bilan jamoaviy jipslikni shakllantirish, ularda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan psixotrening va timbilding mashg‘ulotlari, o‘yinlar o‘tkazish uchun barcha qulaylik muhayyo etildi. Madaniyat markazi binosida tashkil etilgan “Madaniyat paviloni” va “Buyuk ajdodlar paviloni” muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning harbiy xizmat jozibadorligini oshirishda, harbiy xizmatchilarning milliy va jangovar ruhini mustahkamlashda madaniyat va san’atning roli hamda shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, buyuk sarkardalarimizning davlat va harbiy san’at taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissalari haqida yetarli ma’lumot olish uchun barcha imkoniyat yaratildi.
Ishtirokchilarning pavilonlarda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazishi uchun ular kichik guruhlarga bo‘linib, komandirlar tayinlandi. Bilim va mahoratlari tegishli tartibda baholab borildi.
– Bugun men uchun juda quvonchli kun bo‘ldi, – deydi qumqo‘rg‘onlik muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi Feruz Jo‘rayev. – Harbiy qismda tengdoshlarim bilan Vatanga xizmat qilishning nazariy va amaliy mashg‘ulotlarini o‘tadim. Kindik qonim to‘kilgan tuproqni asrab-avaylashning mazmun-mohiyatini yanada teran angladim. Qiziqarli sport bellashuvlari, qurolni yoyish va yig‘ish musobaqasi, psixologik trening mashg‘ulotlarida faol qatnashib, harbiy hayotga ko‘nikmamni mustahkamladim. “Buyuk ajdodlar paviloni”dagi ulug‘ sarkardalarimiz, “Adiblar xiyoboni”dagi jadid bobolarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham menda katta qiziqish uyg‘otdi. Bularning barchasi muddatli harbiy xizmat burchimni yanada samarali bajarishimda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir harbiy qism madaniyat markazida harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, harbiy baxshilar ijro etgan dostonlardan parchalar va qiziqarli termalar bilan yakunlandi. Mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan va musobaqalarda g‘olib bo‘lgan yoshlar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jgBayrLoiYs" title="Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri