Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab kelgan talabalar tomonidan harbiy qoʻshiq va badiiylashtirilgan sahna koʻrinishi namoyish etildi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi bayrami munosabati bilan “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori R.Qosimov soʻnggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini yuksaltirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, armiyani zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, maʼnaviy-intellektual tayyorgarligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini taʼkidladi.
Mamlakatimizda harbiy-siyosiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yurtimiz xavfsizligi va tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga har jihatdan qodir, zamonaviy, eng yangi qurol-yarogʻlar va harbiy texnika bilan taʼminlangan, mutlaqo yangi milliy armiya vujudga keldi.
Uning zamirida xalqimizning ming yillar davomida shakllangan qadimiy anʼana va qadriyatlari asosida buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi singari ona Vatan uchun jonini fido qilishga tayyor mard va yurtga sadoqatli vatanparvarlar kamol topib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari zobit va askarlar oʻrtasida milliy oʻzlikni anglash, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish diqqat markazida boʻlishiga eʼtibor qaratib kelmoqda.
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab kelgan talabalar tomonidan harbiy qoʻshiq va badiiylashtirilgan sahna koʻrinishi namoyish etildi.