“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblariga ehtirom ko‘rsatildi
Navoiy mashinasozlik zavodi hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetidan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan Hazrat Salimjonov hamda Hayot Istamovlarga “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktorining tabriklari topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyundagi qaroriga muvofiq, Yoshlar kuni munosabati bilan Navoiy mashinasozlik zavodi muhandis-texnologi Hazrat Salimjonov hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti katta o‘qituvchisi Hayot Istamovlar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Tadbirlarda ishtirok etgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy mashinasozlik zavodi, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rahbar-xodimlari ularni tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.

– Biz yoshlar davlatimizning yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligidan mamnunmiz, – deydi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Hazrat Salimjonov. – Men 2025-yilda Yevropaning “Startap ampus” dasturi granti sohibi bo‘ldim va ushbu dastur doirasida Vengriya, Germaniya, Italiya hamda Fransiyada malakamni oshirdim. Bu tajriba mening ilmiy va muhandislik faoliyatimni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, muhandislik faoliyatim bilan birga, so‘nggi yetti yil davomida viloyatimizdagi mingdan ortiq o‘quvchiga robototexnika va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida bilim berib kelmoqdaman. Bu rag‘bat va ishonch jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga chorlaydi.

Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida qariyb 12 ming nafar yosh ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ular zamonaviy korxonalar, texnika va texnologiyalarni boshqarib, o‘zlarining yetakchilik salohiyatlari, ilg‘or g‘oya va takliflari bilan ishlab chiqarish sur’atini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu, albatta, korxona kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolat beradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri