Mard, jasur harbiylar yodi barhayot
Termiz shahrida ulgʻaygan oddiy askar Farhod Abdullayev 1985-1995-yillarda Termiz shahridagi 12-umumtaʼlim maktabida aʼlo baholarga oʻqidi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va mahalliy hokimlik vakillari janubdagi vohada kamolga yetib, mustaqillik yillari Vatanimiz tinchligi, koʻp millatli xalqimizning obod turmushini taʼminlash yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan osoyishtalik posbonlari oilalarida boʻlib, ikki milliondan pul hamda oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.
– Bugungi obod va osuda hayotimiz uchun jonini fido qilgan mard, jasur oʻgʻlonlarimizni tarbiyalab, kamolga yetkazgan ota-onalarni har qancha eʼzozlasak arziydi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Sh.Saidov. – Shu bois ham muborak bayram kunlari ularning oilasi davrasida boʻlib, qahramonlarcha halok boʻlgan harbiylarimiz ruhini shod etish, sovgʻa-salomlar topshirish oʻziga xos anʼanaga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda ham bu oilalarga sovgʻalar berib, yaqinlariga uzoq umr, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik tilashni sharafli burch, deb bildik.

Termiz shahrida ulgʻaygan oddiy askar Farhod Abdullayev 1985-1995-yillarda Termiz shahridagi 12-umumtaʼlim maktabida aʼlo baholarga oʻqidi. 1996-1998-yillarda muddatli harbiy xizmat burchini oʻtadi. U Termiz shahridagi harbiy qismga shartnoma asosida harbiy xizmatga qabul qilingan 2000-yili Sariosiyo va Uzun tumanlarining togʻli hududlariga nopok niyat bilan bir guruh terrorchilar suqilib kirdi. F.Abdullayev ham ana shu hududda olib borilgan jangovar harakatlarda soʻnggi nafasigacha jangarilar bilan kurashib, qahramonlik koʻrsatdi. Mardlarcha halok boʻldi.
Serjant Gʻulomjon Husanov Termiz shahridagi Kattabogʻ mahallasida ulgʻaydi. Mard oʻgʻlon yigitlik burchini Ichki ishlar vazirligiga qarashli ichki qoʻshinlarning Toshkent shahridagi batalyonida ado etdi. Oʻzining harbiy-jangovar tayyorgarligi, jismonan chaqqonligi bilan safdoshlariga oʻrnak boʻldi. Serjant unvonini oldi. Toshkent shahrida 1999-yil 16-fevralda bir guruh yovuz kuchlar tomonidan uyushtirilgan portlashlarni bartaraf etishda qatnashdi. Angren shahri yaqinidagi Yangiobod qishlogʻida terrorchilarga qarshi kurashda ishtirok etdi. Muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgach, Termiz shahridagi harbiy qismda shartnoma asosida xizmat burchini davom ettirdi.

Gʻ.Husanov 2000-yil Sariosiyo va Uzun tumanlarining togʻli hududlarida boʻlib oʻtgan jangovar harakatlardagi toʻqnashuvlardan birida tinimsiz oʻq otib, jangarilarning bir guruhini yer tishlatdi. Egnidan oʻq tegib, yaralangan boʻlsa-da, yotib qolmadi. Aksincha, dushmanni yakson qilishda davom etdi. Toʻqnashuvdan soʻng halok boʻlgan safdoshini togʻdan pastga olib tushishga koʻmaklashdi. Shundan soʻng bexosdan boshi aylanib, yiqildi va jon berdi.
Jangarilar bilan toʻqnashuvda koʻrsatgan mardligi uchun oddiy askar Farhod Abdullayev ham, serjant Gʻulomjon Husanov ham vafotidan soʻng davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. “Oʻzbekiston Qurolli Kuchlariga 10 yil”, “Oʻzbekiston Qurolli Kuchlariga 15 yil”, “Oʻzbekiston Qurolli Kuchlariga 20 yil”, “Oʻzbekiston Mustaqilligiga 25 yil”, “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlariga sazovor boʻlgan.

Masʼullar oddiy askar Farhod Abdullayev va serjant Gʻulomjon Husanovlar ulgʻaygan xonadonlarda boʻlib, viloyat hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan ajratilgan toʻrt million soʻm pul mablagʻni, Termiz shahar hokimligi oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi. Mard, botir, jasoratli oʻgʻlonlarning porloq xotirasi yodga olindi.
Oddiy askar Farhod Abdullayevning otasi Shoazim Abdullayev va serjant Gʻulomjon Husanovning otasi Chori Husanov koʻrsatilayotgan eʼtibor va izzat-ikrom uchun tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.
