Marafon fidoyi, tashabbuskor yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirdi
Z0-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Termiz shahridagi “San’at saroyi”ning so‘lim bog‘ida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida “Tashabbuslar marafoni” bo‘lib o‘tdi.
Marafon yigit-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirib, ularning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga joriy etishga qaratilgani, yoshlar o‘zaro fikr almashib, innovatsion g‘oyalar, sun’iy intellekt va startaplar, kitobxonlik, ekologiya, madaniyat va san’at, tadbirkorlik kabi pavilonlarda seminarlar, ekspertlar bilan ochiq muloqotlar, startap loyihalar taqdimotlari va ijodiy tanlovlar o‘tkazilgani ahamiyatli bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligi tashkil etgan marafon surxondaryolik izlanuvchan yigit-qizlar uchun ilm-fan, zamonaviy ko‘nikmalar, istiqbolli startap loyihalarni rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlashda yirik yagona maydon vazifasini bajardi. Tashabbuskor yoshlar o‘z g‘oyasi, innovatsion va startap loyihalarini namoyish etib, tajribali mutaxassislardan qimmatli maslahatlar oldi.

Surxondaryo viloyat hokimligi ro‘parasidagi keng maydonda tashkil etilgan gala-konsert barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Gala-konsertning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev yoshlarni bayram bilan tabriklab, o‘qish va ishlariga, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan izlanishlariga omad tiladi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar va sport bellashuvlari g‘oliblari, turli sohalarda tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh faol yoshlar qimmatbaho sovg‘a, pul mukofoti va maxsus vaucherlar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri