Ma’lumki, 2000 yil Xalqaro veterinariya assotsiatsiyasi va Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkilotining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanbasi “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilingan.

Sana munosabati bilan O‘zA muxbiri Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilovga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
Qo‘mita raisi dastlab tarmoqda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning tahliliga e’tibor qaratdi.
– Har yili ushbu kun juda ko‘p davlatlarda bayram sifatida nishonlanadi. Xususan, mamlakatimizda ham. Veterinariya sohasi hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash bilan birga, aholini inson va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasalliklardan muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.
Butunjahon veterinarlari tomonidan hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash borasida olib borilayotgan ishlarning pirovardida inson salomatligi diqqat- e’tiborda bo‘lmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlarining aholiga yetkazib berilishida xo‘jalikdan dasturxongacha bo‘lgan davrda veterinar asosiy o‘rinni egallaydi. Va bu jarayonni soha fidoyilarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
– Albatta, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, avvalo hayvonlar sog‘ligini himoya qilish bosqichidan boshlanadi. Bu borada veterinariya nazorati juda muhim.
– To‘g‘ri ta’kidladingiz, davlatimiz rahbarining tizimni tubdan o‘zgartirish borasidagi islohotlari tufayli Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mamlakatimizda veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Natijada so‘nggi yillarda chorva mollarining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga emlash darajasi yuz foizga yetdi. Kasallik kelib chiqishining keskin kamayishiga va respublika hududida hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epizootik barqarorligi ta’minlanishiga erishildi.
Shuningdek, qo‘mita Butunjahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan muntazam hamkorlik o‘rnatdi.
Joylardagi profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish va davlat veterinariya xizmatining moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi.
– Bilishimcha, veterinariya sohasi uzluksiz ta’lim va amaliyot integratsiyasini talab qiladi. Shunday emasmi?!
– Haq gapni aytdingiz.
E’tibor bering, joriy yilda jahonda Xalqaro veterinariya kuni bayrami "Hayvonlar sog‘ligi jamoani talab qiladi" mavzusi doirasida tashkil etilmoqda. Bu bejiz emas albatta. Buning zamirida veterinariya amaliyotining hamkorlik xarakteri va sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatilishida fan va amaliyotning mustahkam integratsiyasi muhimligi ta’kidlanmoqda.
Shu o‘rinda bir misol keltirsam.
Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda qo‘mita hamkorligida mamlakatimizda mayda shoxli hayvonlar sog‘lig‘ini nazorat qilish maqsadida seromonitoring tadbirlari bo‘lib o‘tyapti.
Tadbirning maqsadi mayda shoxli hayvonlar o‘latining mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash, shu orqali mamlakatimizga o‘latdan xoli hudud maqomini berishdan iborat.
Soddaroq qilib aytganda, “O‘zbekiston mayda shoxli hayvonlar o‘latidan xoli hudud” degan maqomni olish bo‘yicha ishlar ketyapti.
Mana shu jarayonda mubolag‘a qilib aytganda, juda katta veterinariya vrachlari armiyasi jonbozlik ko‘rsatmoqda.
– Demak, veterinariya vrachidan faoliyatida qaysidir ma’noda vatanparvarlik va fidoyilik ham talab qilinar ekanda...
– Xuddi shunday. Qo‘mita mutaxassislarining, qolaversa quyi tizimlarda faoliyat ko‘rsatayotgan amaliyot vrachlarining ham asosiy maqsadi Prezidentimiz boshlab bergan islohotlarga kamarbasta bo‘lish.
Buning uchun biz yanada faol, fidoyi bo‘lishimiz, mamlakatimizda veterinar osoyishtalikni ta’minlash, chorvachilikning barcha tarmoqlarini rivojlantirish, hayvonlar naslini yaxshilash va bu orqali xalqimiz iste’moli uchun yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor bilim va tajribamizni safarbar etishimiz zarur!
O‘zA