Rivoyatlarning birida o‘g‘il otadan: “Ey padari buzrukvor! Qibla tomonidan bir yorug‘lik shomdan to sahar o‘z shu’lasi bilan bizning kulbamizni yoritib turardi. Negadir shu’la nur taratmay qo‘ydi” deb, so‘rabdi. Ota: “Ey, dilbandim! Yorug‘lik taratgan sham emas, u Ollohning ishqida tongla yongan muqarrab bir oshiq banda edi, u o‘z habibi vasliga vosil bo‘ldi” deya javob beribdi. O‘tmish rivoyatlarda bu kabi haqiqatlar mavjud.
Naqshbandiya tariqat odobida yetuk orif, benazir ustoz, manbashunos, tilshunos, leksikograf olim, fors, arab tillari bilimdoni, “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”ning yetakchi tuzuvchilardan biri va alohida mehnati samarasi bo‘lmish “Xamsa” dostonlarining sharhiy lug‘ati muallifi Qutbiddin Muhiddinovning barakotli irfoniy tarbiyatlaridan bevosita oziqlangan, nainki ustoz-shogird, balki u zotga arjumand farzand o‘rnida doimo ardoqda bo‘lgan Najmiddin Komilovga nisbat berish lozim deb, ushbu avroqqa qalam surildi.
Najmiddin Komilov tasavvuf ilmining axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy qiymati, tarbiyaviy ahamiyatini ommalashuvida o‘z ilmiy tadqiqotlari bilan ilmu irfonga barakotli hissa qo‘shgan sermahsul, zabardast adabiyotshushos, manbashunos, tarjimashunos kabi ilmlarda kamol topishida, daraja hosil qilishida tasavvuf ilmining nuktadon mavlosi, naqshbandiya tariqatining yetuk piri komili, orifi sirdon Qutbiddin eshonning zuhdu taqvosi mujassam so‘fiyona arzoniy xislatlar va zarofatli latif suhbatlaridan solik- payrav sifatida bahramand bo‘lib, ilm ahli, shogirdu dilbandlar oldida matlub, ma’ruf inson martabasiga shomil bo‘lgan edi.
Ey ko‘ngul, tan taxtasin bu qa’ri yo‘q girdobdin
Istasang sohilga chekmak, bilki, bu oson emas.
Piru iste’dodu tavfiq o‘lmasa bo‘lmas bu ish,
Kimdururkim bag‘ri bu hasratdin oning qon emas?
Qit’ada so‘z g‘oyat rang- barang, zohiriy, botiniy ko‘rinish kasb etadi. Voqean, Navoiy hazratlari ritoik so‘roq bilan ko‘ngul- mazhari, qalb nigorxonasi sohibi- solikka murojaat etib, tan taxtasin, ya’ni girdob domida taxtadek sarson vujudingni sohilga chiqarishni istasang, bu ishda avvalo piru iste’dodu tavfiq bo‘lmasa, bu yo‘lda bag‘ringni qon qilmasdan turib, ranj, zahmat chekmasdan maqsudga erishishing oson bo‘lmaydi deb, solikni ma’rifiy g‘aflatda qolmaslik lozimligini uqdiradilar. Darvoqe, Qutbiddinxoja eshonning qarorgoh maskanlari hazrat Navoiy g‘azallarida ta’rifga tortilganidek:
Sirri vahdat chun fano dayrida sig‘mas lafz aro,
Nevchun, oyo, xonaqah ichra tuganmas aytilib.
Bizningcha, bu baytning mazmun – mohiyat maxrajida anglashgan mazmun Qutbiddinxoja eshon hazratning tabarruk xonadonlari ko‘p yillar davomida olmu zurafolar, yoru do‘stlar, farzandu avlodlarga tabaruk bir “xonaqoh” kabi maqsud nigorxonasi bo‘lgani borasida bitilgan xotirotlar bundan dalolat beradi.
Najmiddin Komilov siyosiy zo‘ravonlik davrida ta’qibga uchragan, ilmiy muomaladan chiqarilgan, ammo muqaddas insonparvarlik g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan, ming yillar davomida haqiqat, tariqat yo‘lini mahkam tutgan, o‘zlikni anglashga, his etishga da’vat etgan tasavvuf ta’limoti bo‘yicha zakovatli xirad ahli orasida komil olimlardan edi. Mustaqillik sharofati bilan barkamol, fundamental asarlar tasnif etib, irfoniy kamolot bosqichi sanalmish tariqat, ma’rifat, haqiqat kabi tushunchalarning tarixiy taraqqiyotini nazariy, amaliy jihatdan ilmiy asoslab bergan edi. Olimning “Tasavvuf” asari tasavvufiy ta’limotning qayta tiklanishi, shakllanishida yetakchi manbadan biri sifatida ilmiy-nazariy jihatdan tahlildan o‘tgan tadqiqotlarning sarasi deb ta’kidlanadi manbalarda. Asar tom ma’noda xalqimizning ma’naviyati ne chog‘lik yuksak insonparvar g‘oyalar bilan ziynatlanganini namoyon qiladi.
Olim “Sayyid Hasan Ardasher – komil insonmi?” deb nomlangan maqolasida mufassir Sayyid Hasan Ardasherning komillik darajasiga yetishi uchun asos bo‘lgan omillarni tahlil qiladi. “Navoiy uchun Sayyid Hasan – insoni komil timsoli, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”da u ana shunday inson siymosini yaratgan. Navoiy nazarida komil inson xayoliy bir narsa emas, balki hayotiy real odamdir. Bunday odam tariqat sulukini qabul qilgan chinakam darvesh (darvesh-pok kishi timsoli-ta’kid bizniki) bo‘lishi kerak. Boshqacha aytganda, ideal inson—bu go‘zal axloqli, zohiriy-botiniy ilmlarni egallagan foniy tabiat faqir kishi” Olim yana deydi: “Sayyid Hasanning suluki va tasavvufiy e’tiqodida o‘ziga xos jihatlar bor. U biror-bir nazariya yoki ta’limotga ko‘r-ko‘rona ishonadigan mutaassib darveshlardan emas. Uning darveshligi ko‘ngil amri, tabiati, fe’l atvorining taqozosi edi. Dunyo va uning boyligi, noz-ne’mati, shukuhu shuhratiga e’tibor qilmaslik, faqr go‘shasini hamma narsadan afzal bilish, faqat ma’naviy suhbatni pisand etish, she’ru shuur, ilmu donishdan lazzatlanish Sayyid Hasanga ko‘ringan xislat bo‘lgan”.
Keltirilgan sharh Navoiy qalbining mufassir tomonidan o‘girilgan tarjimasi. Ayni chog‘da mushohada g‘alviridan o‘tkazib, duru javohirlardan tazhib to‘qib, solikka tortiq qilgan insho, maktub. Aynan poklanish uchun tavsiya hamdir. Olim sharhda Sayyid Hasanga xos fazilatlarni ulug‘lash, tavsiflash orqali hazrat Navoiyning ilmu irfonda yetuk iqtidorini namoyon qiladi. Bizningcha, Navoiyning yozishmasi bo‘lmaganda Ardasherning orifligi, so‘fiyligi mavhum qorong‘i bo‘lib qolardi. Tarix sahifasini bezagan bu asar mo‘’tabar ikki insonning samimiy muhabbati, go‘zal axloqi va yuksak ma’rifatidan guvohlik beradi. Bu aslida-- ibrat. Navoiy komil insonni tarbiyalash orzusi, g‘oyasi bilan yashagan va bu oliy maqsad barcha asarlarida matlab darajasida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”da ham. Demak, matlabning asl ma’nosi shundaki, tasavvuf tafakkur, tadabbur, aqliy-shuuriy quvvati bor layoqatli insonlar uchun-chegara. Sinov-ko‘prigi. Daryoni to‘lib oqishi voqelik, ammo sohilning qaqrashi azaliyatdan. Binobarin, inson tarbiyasi irfoniy ma’rifatga muhtoj, jism ilohiy fayzdan qone’ bo‘lmas ekan (Ilohiy fayz ona mahridayoq beriladi), rahmat yomg‘iridan serob bo‘lmagan puch chig‘anoqqa o‘xshashi aniq. Butun borliq Ollohning rahmati bilan ko‘karadi, jonlanadi. Solikning mushohada quvvati ham, uning ruhiy-hissiy olamining yuksalishi ham shundan. Tasavvuf oddiy falsafiy ta’limot emas, u ehtiyojdan tug‘ilgan zaruriyat. Inkorsiz haqiqat. Olloh o‘z kalomi Qur’oni Karimni nozil qilmaganda tasavvuf ham bo‘lmas edi. O‘zi tomonidan U “Mujodala” surasining 7-oyatida tasdiqqa ishora ketiriladi. Sirdon bilan sirdoshlik qilish, ruhan va jisman u bilan bog‘lanish tasavvufdan boshqa narsa emas. Tasavvuf, aynan, g‘ayb olamiga sayohat-tavhid asroriga sayr demak. U-ma’naviy tarbiyaning dasturi. Tasavvuf tomon yuz tutish sog‘lom yo‘lga qo‘yilgan dastlabki qutlug‘ qadam. Shuning uchun solik tariqatga kirishi uchun, avvalo, iymonini salomat saqlashi, pokiza hayot kechirishi, kimligini anglashi, Yaratganini chin dildan sevishi, ilohiy muqaddas ma’rifatdan ogoh bo‘lishi, jismini xiltdan soflashi va qalbni ilohiy nur bilan muzayyan etishi, zaruriy ehtiyojga aylanmog‘i lozim. Sayyid Hasan Ardasher jismi ruhida zuhurlangan sifatlar bundan dalolat, deb uqtiradi olim.
Har bir uslub o‘z xusuiyatini anglatuvchi so‘z qatlamiga ega. Najmiddin Komilov manbalarni tadqiq etishda tasavvufiy terminlarning asl lug‘aviy ma’nosidan o‘zga satr osti, matn ma’nolariga katta e’tibor bergan. So‘zlarning ma’no qobug‘ining shakllanishi insonning ichki va tashqi ruhiy holati ifodasiga bog‘liq va solik ruhining tag‘yir topishi (o‘zgarishi), vajd-hol (fikran U bilan aloqamandlik) maqomiga erishishi bundan dalolat. Masalan, sulikka kirgan solik maqsad sari ma’lum belgilangan maqom-zinasi(sinov)dan o‘tishi, ko‘tarilishi lozim. Ana shu holatlarni anglatuvchi so‘zlar tasavvuf istilohi hisoblanadi. Tahlilda olim Abu Nasr Sarrojning ma’lumotiga suyanib, solikning ruhiy-ma’naviy kamoloti bosqichini belgilovchi tariqat maqomi istilohlari sanalmish: tavba, vara’, zuhd, faqr, sabr, xavf, rajo, tavakkul, rizo kabi teminlarni sharhlab, izohlab tushuntiradi. E’tibor bering: xavf atamasining lug‘aviy ma’nosi-qo‘rquv, vahima; tashqi tahdid. Komilov “xavf”ga quydagicha ta’rif beradi: “Xavf-qalbning ishonchdan, iymon aminidan chiqishi, ikkilanish, tahlika. Solik azobdan emas, balki makrdan, nafs makridan qo‘rqadi. Vaholanki, shayton iymoni mustahkam odamdan qo‘rqishi kerak”. Yuqorida sanalgan tasavvufiy atamalarni mufassir o‘ta sinchikovlik bilan ma’no nozikligini aniqlab, toliblarga tortiq etgan. Najmiddin Komilov teran zakovati bilan tasavvuf ta’limotini yangi bosqichga olib chiqqan zarofatli olim edi.
Najmiddin Komilov adabiyotshunos, xususan, navoiyshunos sifatidagi ilmiy uslubi va tahlil usuli o‘zga tadqiqotchilar uslubidan tubdan farq qiladi. Sababi, olim allomalarimiz tomonidan turkiy, forsiy, arabiy tilda bitilgan qo‘lyozma va litografik manbalarni asliyatdan yuqori malakaga ega bo‘lgan yetuk matnshunos va manbashunos mutaxassis sifatida ravon o‘qiy bilishi, ularning mazmun-mohiyatini hujjat asosda ilmiy tahlil etishga qodir edi.Tafakkur sohiblarining ma’rifiy qarashlarini butun bir andozaga keltirib, sintez qiladi, mazmunini kitobxonga tortiq etadi. Mutolaa asnosida hosil bo‘lgan nazariy-ilmiy qarashlarini o‘z risola, maqolalari qurilishida dolzarb manba sifatida muomalaga kiritadi va sof, toza, yangi ma’lumotlarni qo‘llash orqali xulosalarning ustuvorligini ta’minlaydi. Undagi bu jihat olimning ehsos quvvati, qabul sezimi, bilim ufuqining kengligidan dalolat. Olimning yozishmalari stilistika nuqtai nazaridan badiyatga juda yaqin. Mavzu talabi bilan so‘z tanlashi va qo‘llashi uni insho sohasida mahoratli munshi ekanini tasdiqlaydi.
Najmiddin Komilov hayotligida nashr bo‘lmay qolgan va iste’dodli, barkamol adabiyotshunos Olimjon Davlatov tashabbusi bilan 2012 yilning yozida chop etilgan Alisher Navoiyning g‘azallari tahliliga bag‘ishlangan “Ma’nolar olamiga safar” nomli asari g‘azalshunoslik sohasida yangicha tartib-usulda bitilgan original tadqiqot hisoblanadi. Risolaning kirish qismida g‘azalni sharhlash bo‘yicha qo‘llangan usul, tartib, qoida haqida ma’lumot beriladi. Muallifning tavsifiga ko‘ra, g‘azal matnida uchragan qiyin so‘zlar ma’nosini izohlab, lug‘at tuzish, baytlarning nasriy bayon etish, g‘azalning umumiy mazmun - ma’nosi, badiiy xususiyati ustida mulohaza yuritish va bu usulni ta’lim-tarbiyada joriy etish samarali vositalardan biri, deb baholanadi. G‘azal aruz vaznida bitilgani bois, uni aruz vazni talabiga muvofiq o‘qish shartligi, aruz vaznida g‘azal o‘qilmasa, vaznning buzilishi, g‘azalning ta’sirchan xususiyati pasayishi, uning ohangdorligiga putur yetishi va shoir ko‘zlagan maqsad yechilmay qolishi mumkinligi ta’kidlanadi risolada.
Najmiddin Komilov fors tili tarjimoni sifatida fors-tojik adabiyoti namunalaridan bir qator asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. “Komil inson haqida to‘rt risola” nomi ostida “Ma’naviyat” nashriyoti tomonidan 1997 yilda nashr etilgan kitobda Farididdin Attorning “Ilohiynoma”, “Mantiq ut-tayr”, Sulton Valadning “Maorif”, Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq”, Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kabi asarlar shu majmua sirasida joy olgan. Shu o‘rinda XIII asrda yashab, ijod etgan hamyurtimiz Aziziddin ibn Muhammad an-Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” asari tarjimasi haqida ba’zi ko‘ngildan o‘tgan mulohazalarni bayon qilasak. Mashhur sharqshunos olim Ye.E.Bertels “Ofoqnoma”, “Mir’ot al-muhaqqiqiyn”, “Zubdat ul-haqoyiq”, “Umm ul-xitob”, “Usuli odob” kabi falsafiy mazmundagi besh daftar(trakt)ning ilmiy tanqidiy matnni tayyorlab, “Ofoq va Anfus” nomlab, B. G‘afurov va A.Mirzoyev tahriri, so‘zboshisi asosida Moskvaning Sharq xalqlari adabiyoti nashriyoti tomonidan 1970 yilda chop etadi va bu qimmatbaho asarni Tojikiston FA akademigi Abdulg‘ani Mirzoyev hurmatli ustozimiz Qutbiddin Muhiddinovga taqdim qiladi. Najmiddin Komilov “Zubdat ul-haqoyiq”ni o‘zbek tiliga o‘girishida ushbu tanqidiy matnni asos qilib olgan. Tarjimon “Zubdat ul-haqoyiq” so‘zboshi sarlavhasini “Kamolot ilmi” atab, tavsif beradi. Olimning kitob javonida saqlangan bir mo‘’tabar asarni varaqlay turib, ustoz sarlavha ustidan qalam tortib, “Maqsadimiz – komil insonni tarbiyalash” deb bitilgan iboraga ko‘zimiz tushdi. Murabbiyning qalbida jo‘sh urib, umr daftarini ellik yil bezab, uni saodatga safarbar etgan, ma’rifatga yo‘ldoshlik qilgan ezgu shiorni matlabimiz ifodasi uchun ushbu qalb izhorni shu nom bilan atadik.
Najmiddin Komilov ”Zubdat ul-haqoyiq” turk, olmon, ingliz, fransuz tillariga tarjima bo‘lgani va Aziziddin Nasafiy merosini o‘zbek kitobxonlariga tanishtirish maqsadida bu asarni tarjima qilganini qayd etadi. Asar XIII asrda yozilishiga qaramay, leksik qatlamida o‘zgarish deyarli sezilmaydi, uslub ravon. Uning o‘qilishi oson, ibora qurilishi murakkab emas, matnda ishlatilgan falsafiy va tasavvufiy istilohlar asarning asosiy mag‘zini tashkil etadi. Asar mutolaasiga kirishgan o‘quvchi o‘rta asrda rivoj topgan ijtimoiy bilimlardan ma’lum darajada ko‘nikmaga ega bo‘lmog‘i lozim. Tarjimon bu sohada komil bo‘lgani bois, matnda qo‘llangan barcha diniy, tasavvufiy atamalarni matn variantda keltirib, tushunilishi murakkab so‘zlarni qavsda soddalashtirib ko‘rsatadi, o‘zbekcha muqobilini keltiradi. 2006 yilda Najmiddin Komilov va Mahkam Mahmudov tarjimasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” nasriy bayonida bu hikoya quyidagicha o‘girilgan: “Shayx Abu Sa’id (ibn Abul-Xayr) Mehnaviy bir kuni hammomga kiradi. U bilan kuch quvvatga to‘lgan, ammo ma’rifati kam yigit hammomga kirgan edi. Yigit badanini namoyish etib, sho‘xlik qilib, shayxga maqtanadi: ”Ey, pok zot, javonmardlik qanaqa bo‘lishini menga aytib ber”. Abu Sa’id aytadiki “Javonmardlar sho‘x joyini yashiradi, xalq ko‘ziga ko‘rsatmaydi”. Bu javobdan haligi yigit xijolat chekib, o‘zining nodonligiga iqror bo‘lib, shayxning oyog‘iga yiqildi”. Bu hikoyada qo‘llangan شوخ so‘zini o‘qishda va ma’no chiqarishda ba’zan xatoga yo‘l qo‘yiladi. Agarda “shux” deb o‘qilsa, “chirk, badanning kiri” ma’nosini anglatadi, agarda “sho‘x” deb o‘qilsa, “Farhangi zaboni tojik”da “sho‘x” so‘zi beqaror, bebosh, bezori, behayo, beadab, sharmsiz, gustoh, fikri buzuq, kaltafahm ma’nolarini anglatgan. Asg‘ar Barziyning “Sharhi komili “Mantiq ut-tayr” Attori Nishobury” sharhida bu so‘z “chirk” va “ayb” ( injo dar ma’nii chirk va ayb ast) ma’nosida talqin qilingan. Demak, bu so‘z matnda “shux” شوخ tarzida yozuvda omonim bo‘lib kelganligiga asoslanib, ikki ma’noda ham vaziyat-holatga qarab qo‘llash mumkin.
Shayx Muslihiddin Sa’diy “Aql va Ishq haqida risola” asarida yozadi: “Bilginki, zohiriy ilmdan murod makorim ul-axloqdir va botiniy soflik esa jismni tozalash orqali vujudga keladi. Solik jamolining xiralanishiga sabab nafsning qutqusi hisoblanadi. Hijobning ko‘tarilishi go‘zal axloq va ruhoniy mushohadalardan mahrum etadi. Shunday ekan, qalb musaffoligiga erishish hamda axloqi hamidani hosil qilish, zaruriy ilmlarni egallamoqlik tariqat muridiga vojib bo‘ladi. Solik bu xislatlarga doxil bo‘lmog‘i uchun uzlat va xilvatni do‘st tutmog‘i lozim. Shunda solik tariqatda ma’rifat gulshanidan bahramand bo‘ladi. Bu Olloh tomonidan solikka iroda qilingan amaldir. Zero, Ollohning zikri solikka zavq va shavq ato etadi. Natijada, solik o‘zga olam kishisiga aylanadi. Zikr solikni Ollohning g‘aybiga mustag‘raq qiladi. Bu vajd deb nomlanadi, intihosi esa ilohiy ishq hisoblanadi. Bular vasl, ma’rifat va kamolatiga yo‘l ochadi”.
Najmiddin Komilovning insoniy, axloqiy, ma’rifiy sifatlari Muslihiddin Sa’diy ta’riflagan fazilatlar bilan ziynatlangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. G‘iyosiddin Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida: “Kimki tong kabi sirlarni ochib tashlashni o‘ziga kasb qilib olsa, quyosh singari boshiga oltin qadalgan toj kiyadi, deydi. Biz ham Najmiddin Komilovni ilm tojini boshiga baland qo‘ndirgan, shu’lasidan tiyra qalblarni munavvar etgan fikrat sohibi deyishni lozim topdik.
Ishoqxon Nosirov dotsent,
Filologiya fanlari nomzodi.