Maqsad xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash
Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tamonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash borasida Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-81-sonli farmoni ijrosi doirasida tumanda bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi.

So‘ngi 5-6 yilda mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik sabab, “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi” sari tamoyili asosida ulug‘ maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida shijoatli, fidoyi opa-singillarimiz ushbu jarayonda faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Jumladan, Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i D.Shonazarova, Jizzax viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi treneri D.Bo‘riboyeva hamda aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” Paxtakor filiali ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqaruvi o‘rinbosari G.Toshtemirovalar birgalikda 2023 yil uchun “Ayollar daftari” ga kiritilgan 2 ming 521 nafar xotin-qiz bilan ishlash borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, 570 nafar ishsiz xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlash, o‘zini-o‘zi band qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, subsidiyalar ajratish, tomorqalaridan unumli foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratish shular jumlasidandir.

Ushbu daftarning 2-toifasi bo‘yicha ro‘yxatga olingan “Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar” tuman AT “Xalq banki” va Jizzax viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bilan hamkorlikda “Dastlabki biznes yo‘nalishi” bo‘yicha o‘quv-kursini tamomlagan 63 nafari xotin-qiz o‘z sertifikatlariga ega bo‘ldi.
Paxtakorlik 60 nafardan ziyod ayolga o‘z tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit ajratish borasida “Xalq banki”, “Agrobank”, “Mikrokredit bank”lar tomonidan kreditlar ajratish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida “Xalq banki” tomonidan 10 nafar ayolga 108 million 620 ming so‘m miqdorida kredit ajratilib, 20 nafardan ortiq band bo‘lmagan xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga erishildi. “Agrobank” tamonidan 5 nafar ayolning tadbirkorliklari uchun 21 million 500 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lib, 10 nafardan ortiq ayol muayyan daromadga ega ish o‘rni bilan ta’minlashga erishildi. “Mikrokredit bank” tomonidan 1 nafar ayolga 19 million 700 ming so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi.

Muxtasar qilib aytganda, jamiyatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik yaqin kelajakda o‘z natijasini ko‘rsatadi. Chunki tadbirkor ayollar nafaqat o‘zlarini, balki minglab xotin-qizlarni muammolarini yangi ish o‘rni yaratish orqali hal qilishdek eng maqbul usulni hayotga tatbiq etmoqda. Ayollarimizni ushbu band qilish orqali qo‘llab-quvvatlash esa, oilalarimiz farovonligi, jamiyatimiz taraqqiyoti va yurtimiz ravnaqi yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Bu borada samarali ishlar Paxtakor tumanida izchillik bilan davom etmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA