Maqsad: munosib mehnat sharoiti yaratishdir
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Qorqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich tashkilotlari kasaba uyushma qo‘mitasi raislari, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi muxandislari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilariga davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomaning mazmun-mohiyati o‘qib eshittirildi va uning asosiy tushunchalari bo‘yicha videorolik namoyish etildi.
Vatanimiz kelajagiga daxldor bo‘lgan ushbu Murojaatnomada jamiyatimiz hayotining hech bir tarmog‘i e’tibordan chetda qolmagani, unda ko‘tarilgan masalalar, belgilab berilgan ustuvor vazifalarning barchasi xalqimiz turmush darajasini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi. Shuningdek, barcha sohalarda mavjud vaziyat, qisqa vaqt mobaynida mamlakatimiz nufuzi va salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, ko‘zlanayotgan marralar va ularga erishish borasidagi vazifalarga bag‘ishlanganligi ta’kidlab o‘tildi.
Mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlari, shunga oid boshqa qonun osti huquqiy me’yoriy hujjatlardagi yangiliklar, jamoa shartnomasining ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Jamoa shartnomasining mehnatni muhofaza qilish bo‘limiga kiritiladigan masalalar, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan, xodimlarni dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va boshqa muhim masalalar batafsil tushuntirildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA