Maqsad – kitobxonlikni yanada rivojlantirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 31 oktyabr – 4 noyabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tadigan “INFOLIB UZBEKISTAN – 2022” XI Milliy axborot-kutubxona haftaligi hamda “TASHKENT BOOK FEST – 2022” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasiga doir matbuot anjumani tashkil etildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
“Kitobxon millat” shiori ostida o‘tkaziladigan ushbu haftalik bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi axborot-kutubxona markazlarida tashkil etiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi umumiy fondi 7 million 715 mingdan ortiq nusxa nashrni tashkil etmoqda. Shundan 6 million 963 mingdan ortiq nusxa kitob bosma nashrlarni, 752 ming 92 nusxasini elektron shakldagi adabiyotlar tashkil qiladi.
bugungi kunda kutubxonalar faoliyatida katta ijtimoiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Kutubxona imijini ko‘tarish, o‘quvchining ma’naviy qiyofasini o‘zgartirish, ijtimoiy salohiyatini oshirish, jamoatchilik orasida kutubxonalar mavqeini ko‘tarish bo‘yicha talay ishlar amalga oshirilmoqda. Kutubxona sohasini rivojlantirishga oid qator hujjatlar qabul qilinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yildagi tegishli qarorida belgilanganidek, alohida kutubxona xizmatini ko‘rsatish maqsadida yurtimizdagi 186 ta tuman va shahar kutubxonasi tashkil etildi.
Ko‘plab ziyo maskanlari qayta rekonstruksiya qilindi, to‘liq ta’mirlandi, moddiy-texnika bazasi yaxshilandi. Kutubxona sohasining rivoji mutolaa madaniyatining yuksalishiga, kutubxonaga kitobxonlar tashrifining, adabiyotlarga bo‘lgan talabning ortishiga turtki bermoqda. Kutubxonaga, uning manbalari va xizmatlariga bo‘lgan qiziqish va ehtiyojning ortib borishi, keyingi yillarda kitobxonlar safining yanada kengayishi, kitobxonlar tomonidan berilayotgan ko‘plab takliflarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 24/7 ish rejimiga o‘tish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.
“Kitobxon millat” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan “INFOLIB UZBEKISTAN – 2022” XI Milliy axborot-kutubxona haftaligi rang-barang tadbirlarga boyligi bilan ahamiyatlidir. “Yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyati – yoshlar qo‘lida!” mavzusidagi yosh kutubxonachilar forumi, shuningdek, soha rivojiga oid ko‘plab seminar-treninglar, mahorat darslari, tanlovlar, noshirlar, yozuvchi va shoirlar, kitob mualliflari bilan uchrashuvlar ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu haftalik kutubxonachilik ishini yanada ravnaq toptirish, bu boradagi ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish va joylarga keng joriy etish, kitobxonlarni esa yangi asarlar, ma’rifat maskanining tobora kengayib borayotgan imkoniyatlari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kitobxonlik haftaligining har bir kuni “Uchrashuvlar kuni”, “Kasbiy mahorat kuni”, “Ilm-fan kuni”, “Kitobxonlar kuni”, “Tarix, madaniyat va san’at uyg‘unligi kuni” kabi kunlarga bo‘linib, kitobxonlikka oid muayyan ma’rifiy mavzular muhokamasi, tahlili, ularning yechimiga katta e’tibor qaratiladi.
Matbuot anjumanida shu yil 2-4 noyabr kunlari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan yurtimizning noshirlik sohasidagi yutuqlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, mahalliy va xorijiy noshirlar, asar mualliflari hamda soha vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma majmuasining 3-pavilonida “Kitobsevar millat” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan “TASHKENT BOOK FEST – 2022” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Ushbu xalqaro ko‘rgazma yurtimizning noshirlik-matbaa sohasida erishgan yutuqlarini halqaro darajaga olib chiqish, noshirlik, matbaachilik hamda kitob savdosi tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari bilan o‘zaro xalqaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu yo‘nalishdagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbek adabiyotining yetuk namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
Ayni paytda ma’rifiy ko‘rgazma yosh avlodning bilim olish, ma’naviy va ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, har bir shahar, tuman, qishloq va mahallalarda, kitobxonlik madaniyatini, oilaviy kitobxonlik an’analarini targ‘ib qilish, yoshlarning milliy adabiyotga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish, ularni yangilanayotgan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi g‘oyalari va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda kitobning roli va ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu xalqaro tadbirda yurtimiz yetakchi nashriyotlari, kitob savdosi tashkilotlari bilan birga Turkiya, Misr, Hindiston, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarning 40 ga yaqin nashriyotlari, yurtimizning 60 dan ortiq nashriyot va kitob savdosi tashkiloti ishtirok etadi.
Yarmarka doirasida mazkur davlatlarda so‘nggi yillarda nashr etilgan eng sara kitoblar, noshirlik sohasidagi yangi loyihalar bilan tanishish mumkin bo‘ladi. Nashriyotlar tomonidan turli taqdimotlar, ijodkorlar, mualliflar, tarjimonlar, noshirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, yangi asarlar taqdimoti tashkil etiladi, shuningdek, xorijiy soha vakillarining inklyuziv chiqishlari o‘rin olgan.
Shu bilan birga, tadbir doirasida nashr etilayotgan kitoblarning mazmun-mundarijasini boyitish, matbaa sifatini yaxshilash yuzasidan noshirlar, matbaachilar, mualliflar, taniqli olimlarning keng kitobxonlar ommasi bilan ochiq muloqoti tashkil etiladi. Ushbu amaliy seminar va muloqotlar natijalari asosida noshirlik, matbaachilik sohasiga, milliy adabiyotga, badiiy ijod istiqboliga, ayniqsa bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirishga e’tibor qaratish hamda mamlakatimiz noshirlari, ijodkorlarining xalqaro maydondagi munosib o‘rnini yanada mustahkamlash uchun taklif va tavsiyalar beriladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri