Maqsad – ishsizlikni kamaytirish
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida keng ko‘lamli tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Agentlik tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida ayni kunda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ham ishsiz, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarga qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun subsidiyalar taqdim etilmoqda. Bu mablag‘ qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish, gilam va ipak mato to‘qish dastgohlari, shuningdek, zarur asbob-uskunalar sotib olish kabi yo‘nalishlarda ishlatilishi belgilangan.

Jumladan, Shofirkon tumani bo‘yicha shu yil boshidan 682 nafar fuqaroga 2 milliard 667 million so‘m miqdoridagi subsidiyalar ajratilgan. Birgina joriy haftada 32 nafar fuqaroga zamonaviy tikuv mashinalari taqdim etildi. Shu bilan birga, ularga motokultivator, suv nasosi, tomorqa xo‘jaliklari, issiqxonalar uchun urug‘lik va ko‘chatlar, boshqa zarur asbob-uskuna, mehnat qurollari ham subsidiya asosida berilmoqda.

Shuningdek, joylarda “Usta-shogird” an’analarini rivojlantirish maqsadida hunarmandlarga subsidiyalar ajratilmoqda. Albatta, bu tashabbus orqali yoshlar o‘zlari uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, qiyin kasbga o‘qitishga ixtisoslashgan ustalar ham moddiy rag‘batlantirilmoqda. Bu tashabbuslar nafaqat ishsizlikni kamaytirish, balki mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.