Maqsad – ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga yo‘naltirish
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazida band bo‘lmagan fuqarolarni ayniqsa, yoshlarni turli kasblarga jalb etish va o‘qitish maqsadida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir tuman hokimligi, “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi hamda tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu seminar – Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. O‘quv-seminarda bugungi kunda mamlakatimizda aholini ish bilan ta’minlash, band bo‘lmagan fuqarolarni kasblarga jalb etish va ularni o‘qitish borasida olib borilayotgan islohotlar xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbirda ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini boshqaruvchi traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasasi tashkil etilgani, uning amaliy tasdig‘idir.
[gallery-5266]
– Bu yerda o‘qish istagida bo‘lgan o‘quvchilarning nazariy va amaliy dars mashg‘ulotlarini olib borishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan, – deydi inspeksiyaning Mirzacho‘l tuman bo‘limi katta inspektori Sanjar Norqulov. – Bu yerda 3 oy tahsil olgan bitiruvchilar esa sertifikat asosida haydovchilik guvohnomasini olishi mumkin. Ayni paytda, markazda 100 nafar o‘quvchi o‘qitilmoqda. E’tiborlisi, ularning asosiy qismini “Yoshlar daftari” ro‘yxatidan o‘rin olgan fuqarolar tashkil etadi. Bu kabi o‘quv markazlarining faoliyati ko‘pgina masalalarni hal etibgina qolmay, sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar, jumladan, hujjatsiz qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarishning oldini olishiga ham xizmat qiladi.
bugungi kunga qadar inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan ushbu o‘quv markazini bitirgan jami 480 nafar jismoniy va yuridik shaxs yangi tipdagi haydovchilik guvohnomalarini oldi. Seminar davomida ishtirokchilar o‘quv markazidagi shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA