Maqsad – huquqbuzarliklarga barham berish
Prezident qarori ijroda
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Botir Zaripov, qaror ijrosini tashkillashtirishga Buxoro viloyati bo‘yicha mas’ul Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Djurayev, viloyat, tuman, shahar sektor rahbarlari hamda sohaga oid mutasaddilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va harbiy soha tashkilotlari, shuningdek, hamkor idoralarning rahbarlari hamda viloyatning barcha mahallalarining yettiliklari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Milliy gvardiya qo‘mondoni Respublika ishchi guruhi tomonidan “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa tamoyili asosida manzilli ishlar belgilab olinganini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, viloyatda 13 ta tuman va shahar, shuningdek, 544 ta mahalla kesimida yo‘l xaritalari tasdiqlanib, dastlabki bosqichda 76 ta “qizil” toifadagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning barchasi tuman va sektor rahbarlariga, prokuratura, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati boshliqlariga nomma-nom biriktirilganligi ularning ish natijadorligi har oyning yakunida Ichki ishlar vaziri, har chorakda Bosh prokuratura hamda yarim yillik faoliyati natijalari Bosh vazir huzurida muhokama etilishi belgilanganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, qaror talablarining ijrosi mas’ullar va mahallalar yettiligi tomonidan to‘g‘ri tashkil etilishi hamda faoliyatlari davomida aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ta’sirchan, manzilli targ‘ibot ishlarini olib borishga, mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligi va natijadorligini oshirishga, bunda asosan ishsiz fuqarolar, xotin-qizlar va yoshlarni bandligini ta’minlashga, shuningdek, probatsiya hisobidagi shaxslar bilan muntazam ish olib borish kabi muhim vazifalarga qaratilishi ta’kidlandi.
Jamoat joylari va aholi yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga bo‘lgan turli xil tajovuzlarning oldini olish borasida Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatining zamonaviy raqamli texnologiyalari hamda texnik vositalarining afzalliklaridan unumli foydalanilmay kelingani va uning salbiy oqibatlari tumanlar kesimida sanab o‘tildi va mazkur yo‘nalishdagi talablar yuzasidan vazifalar belgilandi.

Shuningdek, ishchi guruh tarkibida bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi rahbari boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar tomonidan hafta davomida 17 ta kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda 130 dan ortiq jinoyatlar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganildi. Huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning asl omillarini aniqlash va barham berish yuzasidan joylarda sohaga oid mas’ullar bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar olib borildi.
Tadbirda mas’ullarning axborotlari tinglandi. Ular tomonidan hozirda keskin ko‘paygan kiberjinoyatga qarshi kurashish borasidagi va boshqa turdagi jinoyatlarning barvaqt oldini olish yuzasidan bildirilgan fikr mulohazalari muhokama qilindi.
Tadbir so‘ngida ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan kiritilgan takliflar yuzasidan viloyat hokimi barcha rahbarlarga tegishliligi bo‘yicha aniq vazifalar yuklab ijro muddatlarini belgilab berdi.
Shuningdek, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda hamkor tashkilot xodimlaridan iborat kichik ishchi guruhlarning faoliyati 24/7 rejimda viloyatning barcha shahar-tumanlarida mahallalar bo‘ylab qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ijrosini ta’minlash choralarini davom ettirishi ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri