Maqsad aholiga qulayliklar yaratish
Tabiiy gaz ta’minotini bir maromda yetkazib berish hamda ta’minot bilan bog‘liq muammolarning oldini olish maqsadida iste’molchilarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Joylarda amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ba’zi hududlarning gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan zamonaviy ikki bosqichli tizimga o‘tkazilmoqda. Joylardagi gaz maromlash qurilmalari demontaj qilingan holda aholi xonadonlaridagi zamonaviy hisoblagichlarga maxsus reduktorlar o‘rnatilmoqda.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani misolida oladigan bo‘lsak, 45 ming 106 ta aholi iste’molchilarga 570 dona gaz maromlash qurilmalari orqali tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Ularga sifatli va samarali xizmat ko‘rsatish maqsadida soha vakillari tomonidan ta’minot uch bosqichlidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazilyapti.

– Bugunga qadar 33 mingga yaqin xonadonning gaz ta’minoti 2 bosqichli tizimga o‘tkazilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar 12 mingta xonadonning 2 bosqichli tizimga to‘liq moslashtirilishi rejalashtirilgan, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sirojiddin Avezov. – Jarayonlar bevosita tumanning “Dodarak” mahallasining Pingon qishlog‘ida olib borilmoqda.

– Bugunga qadar mahallaning 2 ta qishlog‘idagi xonadonlar to‘liq ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi, – deydi mahalla faoli Yo‘ldosh To‘qov. – Pingon qishlog‘ida ham deyarli amaliy ishlar yakuniga yetayotganligi hamda hududdagi gaz maromlash qurilmasi demontaj qilinib, 135 ta xonadon ikki bosqichli tizimga moslashtirildi.

Ma’lumot uchun, viloyat bo‘yicha bugunga qadar 60 mingga yaqin xonadonning gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan zamonaviy ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA