Maqsad, aholi salomatligini asrash
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida 10 o‘rinli gemodializ, 10 o‘rinli nefrologiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unga Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan 10 dona zamonaviy “B Braun Dialog+” gemodializ apparatlari keltirilib o‘rnatilgan edi.
Bu davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan.

Bu sa’y-harakat sabab viloyatning Boyovut, Xovos tumanlari, Shirin, Yangiyer shahrida istiqomat qilayotgan, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar gemodializ xizmatiga qamrab olindi.
Natijada terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan xastalangan bemorlarni davolash, ularni sog‘lom hayotga qaytarish, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish imkoniyati kengaydi.
Joriy yil va o‘tgan bir yil davomida mazkur bo‘limning malakali va yetakchi shifokorlari tomonidan 244 nafar, terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan xastalangan bemorlarga 2 ming 292 marotaba gemodializ muolajalari o‘tkazilgan bo‘lsa, nefrologiya bo‘limi mutaxassislari tomonidan 213 nafar bemorga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi.

– Qandli diabet, surunkali glomerulonefrit va piyelonefrit, buyrak polikistozi nevrologik kasalliklar, buyrak nefronlari, ya’ni qilnaychalarining zararlanish darajasi oshib borishi va faol nefronlar miqdorining kamayib ketishi esa surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo‘ladi, – deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi shifokori G‘oyibnazar Rayimnazarov. — Eng yomoni bemor kasallikni ilk davrida his etmasligi. Keyinchalik, organizmdagi o‘zgarishlar; tez-tez chanqash, og‘iz qurishi, terining quruqlashib, qichishishi, qusish, kamqonlik, nafas a’zolari, yurak tomirlari va me’da ichak faoliyatidagi buzilish alomatlari, kechki peshobning kunduzgidan ko‘payganligi sabab bezovtalanib, shifokorga murojaat qiladi. Bu esa, kasallikni o‘ta jiddiy tus olishiga, davolanish muolajalari cho‘zilishiga, bora-bora terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligini keltirib chiqarib, gemodializ muolajalari olishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yangiyerda ish boshlagan Nefrologiya va gemodializ bo‘limi terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan kasallangan bemorlar uchun madad maskanidir. Oldinlari, ushbu hududlarda istiqomat qilgan bemorlar va ularning yaqinlari viloyat markazi Guliston shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga qatnagan bo‘lsa, endi bunga hojat qolmadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA