Maqsad – aholi bandligini ta’minlash
Buxoro viloyati Shofirkon tumani markazidan 10 kilometr uzoqlikda, Navbahor va Katta mahalla qishloqlarini o‘z ichiga olgan bu mahallada bugunda 2 ming 700 dan oshiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududda yashayotgan jami 500 dan ortiq xonadonning asosiy tirikchilik manbai dala-dehqonchilik ishlari, chorvachilik hisoblanadi.
– Bugunga kelib hududdagi 40 dan ortiq oilada 1 sotixdan 30 sotixgacha issiqxona xo‘jaligi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yuzga yaqin xonadonda qoramolchilik rivojlantirilgan. Shuningdek, 20 ga yaqin xonadon asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda, – deydi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Mirjalol Qo‘ndiyev. – Parrandachilikka ishtiyoqmand yana ellikdan ziyod xonadonda 100 boshgacha tovuq parvarishlanmoqda. Shuning barobarida yana 3 ta xo‘jalik sinov tariqasida sun’iy hovuzda baliqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.

Shu bilan birga, mahallada tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, qo‘shimcha ish o‘rni, odamlarga daromad manbai yaratilmoqda. Ayniqsa, ayollar bandligini ta’minlash, ularning mehnat orqali o‘z o‘rnini topishida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga loyiq. Bu borada Navbahor qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan “Muslima Oysha Tekstile” oilaviy korxona bunga yorqin misol.

Korxonada 9 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, chevarlar qo‘li bilan asosan xaridorbop bolalar kiyimlari tayyorlanadi. Yaratilgan qulay mehnat sharoiti tufayli ishchilar o‘rtacha 2,5 million so‘mdan oylik maosh bilan ta’minlangan.
Yana bir e’tiborli jihati korxona yaqin oylarda o‘z imkoniyatlarini oshirib, yana 10 nafar ishchi qabul qilish, mahsuldorlikni ikki barobarga oshirishni ko‘zlagan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.