Xalqaro maqom anjumanidan keyingi o‘ylar
Zomin so‘zining zamirida bir go‘zallik, bir musiqa bor. Bu nom tilda aytilsa, qalbda ohang uyg‘onadi. Tasavvuringizda osmonga bo‘y cho‘zgan tog‘lar, buloqlarning shivirlashi, archazorlar bag‘ridagi tiniq havo namoyon bo‘ladi. Va bu maskanda maqom yangraydi. Ohang nafaqat eshitiladi, balki qalbda, ruhda kechadi.
II Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tgan yili shu Zominda o‘tkazildi. U nafaqat san’at bayrami, balki insoniyat qalbini uyg‘otgan, ma’naviyatimizni yuksaltirgan, milliy o‘zligimizni jahon sahnasida yana bir bor namoyon etgan tarixiy voqea bo‘ldi.

To‘rt kun davomida Zomin osmonida kuylar yangradi. Ular nafaqat quloqlarga, balki yuraklarga yetib bordi. Turli millat va elat vakillari – 16 davlatdan kelgan ijrochilar sevgi, umid, tinchlik va insoniylik kabi umuminsoniy tuyg‘ularni maqom orqali anglatdilar. Ular turli tillarda gapirdi, ammo ohang bitta, qalb bitta edi.
Misrlik san’atshunos, professor Ashraf Abdurahmonning so‘zlari bunday anjumanlar ta’sirini teran ifodalaydi:
– Zomin shahri menda chuqur taassurot qoldirdi. Xalqingiz san’at va milliy qadriyatlarni saqlashda namuna. Bu festival maqomning jahondagi hayotida muhim bosqichdir.
U haq. Zominda yangragan maqom tabiat bilan uyg‘unlashdi. Buloqlar go‘yo sozandalarga hamrohlik qildi, tog‘lar esa ohangni osmonlarga taratdi. Bu nainki san’at, balki ruhiy ozuqa, insonning o‘z qalbi bilan yuzlashuvi edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Maqom xalqimizning ma’naviy merosi, milliy o‘zligimizning ifodasi, tinchlik va yaxshilikka da’vat etuvchi ruhiy taronasidir” dedi.
Ana shu ruh anjumanda yaqqol sezildi. Qariyb 400 nafar mehmon – taniqli san’atkorlar, yosh iste’dodlar, xalqaro tashkilotlar va madaniyat muassasalari vakillari ishtirok etgan tadbir ma’naviy muloqot, madaniy birdamlik, yuraklar hamjihatligi maydoniga aylandi.

Latviyalik tadqiqotchi Daygo Bondara o‘z taassurotlarini shunday bayon qildi:
– Anjuman men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Musiqiy merosingiz juda qadimiy va shu bilan birga zamonaviy. Uning yoshlarga yetkazilayotgani madaniyatingizning yuksak darajasini namoyon etadi.
Zomin nomi faqat tabiat mo‘’jizalari bilan bog‘liq emas. U tarix va ma’naviyat timsoli. Qadimiy “Avesto”da “Zomyod” deb zikr etilgan bu hudud asrlar davomida ilm va madaniyat beshigi bo‘lib kelgan. XII-XIII asrlarda yashab ijod etgan Muhammad ibn Mahmud Ustrushoniyning “Jomi’ ahkom as-sig‘or” asari – bolalar huquqlari haqidagi ulkan manba bu zaminning ma’naviy boyligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Anjumanda ana shu tarixga hurmat, madaniyatga ehtirom ifodasini topdi. Bu festival milliy merosimizni dunyo sahnasiga olib chiqdi.

Anjuman doirasidagi ko‘rgazmalarda nafaqat maqom, balki xalq hayoti, hunari, dunyoqarashi ham o‘z ifodasini topdi.
Surxondaryoning Boysunidan kelgan “Shalola” etnografik ansambli a’zosi Bo‘riqul Jumayev shunday dedi:
– Bu cholg‘u– g‘ajr-nay bizning milliy merosimiz. U katta qush qanot suyagidan yasalgan. Men uni qayta tiklab, yoshlarga o‘rgatyapman. Bu ham kelajakka o‘tadigan meros.
Jumayevning ta’biricha, maqom yangragan, g‘ajr-nay sukutni buzgan joyda millat ruhi tirik. Uning qo‘lidagi 1939 yildagi asbob o‘tmish nafasini hozirga bog‘lagan tilsimdir.
Sirdaryo viloyati Baxt shahridan kelgan milliy pichoq ustasi Mahammadjon Rahimov esa shunday izohlaydi:
– Men bu kasbni ota-bobolarimdan o‘rgandim. 51 yildirki, turli pichoqlar yasayapman. Ularni bozorga olib chiqmayman, odamlar uyimga kelishadi. Bu festivalda o‘z asarlarimni namoyish qilish sharafiga muyassar bo‘ldim.
Uning tajribasi fidoiylik namunasi. Bu san’atning qo‘l bilan yurak o‘rtasidagi yo‘lini ko‘rsatuvchi hayot maktabi.

Bu anjuman Zominni dunyoga boshqacha tarzda tanitdi. Endi bu yurt faqat sharsharalari, archazorlari, “Baxt ko‘prigi”, Zomin tandiri va qozon patiri bilan emas, balki yuraklarga musiqa bilan so‘zlaydigan zamin sifatida tilga olinadi.
Maqom faqat musiqa emas – u ruhning sadosi, millatning qalbidagi ohang. U so‘nmaydi. U yashaydi. U yangraydi.
Zominda yangragan maqom qalblarga uyg‘oqlik olib kirdi.Qalblar tirik ekan, maqom yashaydi.U yashar ekan, millat ma’naviyati barhayot.
Abdujalol Qayumov, O‘zA