Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston xalq artistlari Furqat Ashuraliyev hamda Elmurod Ahmedov ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha hamda ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dilnura Qodirjonovaning xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda maqom san’ati rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli faoliyati misli ko‘rilmagan tarzda moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizning har bir hududida namunali maqom ansambllari tashkil etilib, ularning samarali ijod qilishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan muntazam ravishda tashkil etilayotgan xalqaro maqom san’ati festivali dunyo san’atkorlari, musiqashunoslari e’tiborini jalb etmoqda.

O‘zbekiston xalq artistlari Furqat Ashuraliyev hamda Elmurod Ahmedov milliy musiqa san’atimiz ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilib, uni targ‘ib etishda faollik ko‘rsatib kelayotgan fidoyi san’atkorlardan sanaladi. Ular Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov singari ustozlarning ijod yo‘lini davom ettirish bilan birga maqom san’atining maktab va yo‘nalishlarini mukammal egallab, ularni xalqimizga taqdim etib kelmoqda.
Aytish kerakki, san’atda o‘z yo‘lini topgan bunday betakror ovoz sohiblari iste’dodining yuzaga chiqishida O‘zbekiston xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyev singari ustoz san’atkorlarning hissasi katta edi.
Mahmudjon aka Farg‘onaning Quva tumanida, dehqon oilasida dunyoga kelgan. Maqom ijrochiligi bo‘yicha O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olgan. O‘tgan asrning 80-yillaridan Orifxon Hotamov, Fattohxon Mamadaliyev izidan borib, xalq e’tiboriga tusha boshladi.
M.Tojiboyev konservatoriyani muvaffaqiyatli tugatib, O‘zbekiston radiosi qoshidagi Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansamblida ijod qildi. Ko‘plab maqom sho‘’balarini o‘zi ijro etdi. Ular hozirgacha xalqimiz ko‘nglidan joy egallab, radio va televideniye fonotekasining eng nodir namunalaridan bo‘lib kelmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Mahmudjon akaning repertuaridan “Shashmaqom” («Saraxbori Navo», «Saraxbori Dugoh», «Mo‘g‘ulchai Segoh», «Navro‘zi Sabo», «Nimcho‘poniy» ) va Farg‘ona – Toshkent maqom yo‘llari («Dugoh», «Chorgoh», «Ushshoq», «Shahnozi Gulyor», «Bayot» va boshqalar), katta ashula («Yovvoyi Chorgoh», «Yolg‘iz», «Ey dilbari jononim» kabi), mumtoz («Topmadim», «Chorzarb», «Bozurgoniy») va XX asr bastakorlarining asarlari o‘rin olgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, betakror ovoz sohibasi Dilnura Qodirjonova 1976 yil 6 yanvarda Andijon viloyati Izboskan tumani Chuvoma qishlog‘ida tavallud topgan. Dilnura Qodirjonova Izboskan tumani 26-maktabda tahsil olgan. Maktab davrida konsert dasturlarda muntazam ishtirok etib kelgan. Mahfuzaxon Boymirzayeva tomonidan tashkil etilgan Dutorchi qizlar to‘garagiga qatnashadi.

1995 yilda Toshkentda Dutorchi qizlar ansamblida ishlay boshlaydi. O‘zbekiston xalq artistlari Abduhoshim Ismoilov va Zamira Suyunova tomonidan tuzilgan ansamblda qo‘shiqchilik faoliyatini davom ettirdi. Dilnura Qodirjonova To‘xtasin Jalilov nomidagi bilim yurtida musiqa va ijro sirlarini o‘rganadi. Andijon viloyati Paxtaobod tumanida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yunus qori Yusupovdan maqomchilik bo‘yicha tahsil oladi. 2007 yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga magistraturaga o‘qishga kiradi.
Dilnura Qodirjonova 1991 yili Tavakkal Qodirov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlovda "Feruz 1" ashulasini ijro etib, mukofotga sazovor bo‘ldi. 1993 yilda Yoshlar tashkiloti tanlovida 1997 yil Hoji Abdurasulov Abdulaziz xotirasiga bag‘ishlangan tanlovda 1-o‘rinni qo‘lga kiritadi. 2003 yilda Samarqandda "Sharq taronalari" xalqaro tanlovida ishtirok etib, "Yor istab" va "Mustahzod" ashulasini ijro etib oliy mukofotni qo‘lga kiritadi. Dilnura Qodirjonova yosh iste’dodlarning "Nihol" hamda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist" unvoniga sazovor bo‘lgan.
Darhaqiqat, o‘zbek milliy musiqa san’ati o‘zining o‘xshashi yo‘qligi, jozibasi, asriy an’analarga tayanishi bilan millionlar qalbini zabt etgan, desak yanglishmaymiz.
Musiqa oqshomida mumtoz kuy-qo‘shiqlardan namunalar yangradi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA