Inson zoti borki turmushi farovon bo‘lib, jamiyatda barcha ishlari yengil, adolatli bitishini istab yashaydi. Mamlakatimizda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalangan holda yaratilayotgan qulayliklar ham xalqimizning ana shunday orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 11 avgustdagi “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘ldi.
Mazkur hujjat bilan tashkil etilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ijtimoiy himoyani amalga oshirishda ortiqcha qog‘ozbozliklarga chek qo‘ydi. U inson omilisiz oila yoki fuqaroning ijtimoiy himoyaga muhtojligini aniqlab, ijtimoiy himoyani amalga oshiradigan va uni nazorat qilib, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashgan tizimga aylandi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu tizim orqali yigirmaga yaqin vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida elektron almashuv asosida 40 dan ortiq turdagi ma’lumot olinmoqda. Zamonaviy axborot tizimi fuqarolarning ijtimoiy himoyadan foydalanishlari uchun zarur ma’lumotlarni avtomatik tarzda yig‘ib, ularning sargardon bo‘lishining oldini olish barobarida qimmatli vaqtini ham tejamoqda. Ikkinchidan, kam ta’minlanganlikni e’tirof etish va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash yoki rad etish shaffoflashdi. Nafaqani tayinlash yoki rad etish to‘g‘risidagi qarorni faqat ushbu axborot tizimi unga kiritilgan mezonlar asosida qabul qilmoqda. Bu jarayonda inson omili ishtirok etmayapti. Shuningdek, yangi tizim ko‘rsatilayotgan ijtimoiy himoya choralarining ma’lumotlar bazasiga aylanib, baza barcha ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni avtomatik aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish imkonini yaratdi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham kam ta’minlanganlikni e’tirof etish va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash yoki rad qilish yangi tizim orqali aniqlanmoqda.
– Axborot tizimi ishga tushgunicha kam ta’minlangan oiladagi barcha bolalarga bitta summa miqdoridagi ijtimoiy nafaqa tayinlangan bo‘lsa, endi har bir bola uchun alohida to‘lov amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suyun Rajabov. – Avvallari ikki yoshgacha bolalar nafaqasi 12 oyga, 14 yoshgacha bolalarniki olti oyga mo‘ljallangan bo‘lsa, endi ikkalasi birlashib, bolalar nafaqasiga aylantirildi. Shu o‘rinda yana bir narsani aytish kerakki, 2021 yilgacha ijtimoiy nafaqalarni mahalla raislari boshchiligidagi komissiya uch bosqichda aniqlab tayinlagan. Oldingi tartibda har bir mahallada nafaqa to‘lanadigan oilalar soniga limitlar belgilangani oilaning holatini sub’ektiv baholashga, ayrim hollarda korrupsiya holatlariga ham olib kelgan. Bu yordamni olish uchun barcha oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar, bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxalari talab qilib olingan. Bugun qog‘oz ko‘rinishidagi hujjat talab etilmaydi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun arizalar “Yagona reyestr” axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralardan olingan 53 turdagi elektron ma’lumotlar asosida ko‘rib chiqilib, tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Boshqarma mutaxassislarining ta’kidlashicha, inson omilisiz ishlaydigan bu tizim nafaqat kam ta’minlanganlar balki, soha xodimlari uchun ham qator qulayliklar yaratdi. Ijtimoiy yordamga ehtiyojim bor, deya da’vo qiladigan ayrim shaxslarning asossiz e’tirozlariga chek qo‘ydi. Endilikda “Yagona reyestr” axborot tizimi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun oilaning rasmiy daromadlari, mavjud ko‘chmas mol-mulklari va avtotransport vositalari hamda boshqa ma’lumotlari asosida mezonlarga mos kelishini o‘rganayotir.
Shunga ko‘ra, agar ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdori ya’ni hozirgi 568 ming so‘mdan oshganida yoki ariza beruvchi va uning oila a’zolari egaligida bittadan ortiq ko‘chmas mulki, bir va undan ortiq noturar joy binosi mavjud bo‘lganida bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi. Shuningdek, ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnomaga asosan ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi, ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan barcha turdagi transport vositalari, ariza beruvchi va uning oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisob raqamida ariza berilgan oyda amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganida ham bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lash avtomatik rad etishga sabab bo‘ladi.
Mabodo ariza beruvchi va uning oila a’zolarida ariza berilgan oyda bozor qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar, oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda, oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflari ikki va undan ortiq marta rad etilgan hollarda, rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oyda ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi bor bo‘lsa ham bolalar nafaqasi va moddiy yordam avtomatik rad qilinadi.
Arizaning ijobiy yechim topgani yoki rad etilgani “Yagona reyestr” axborot tizimi orqali elektron manziliga elektron xabar yoki mobil telefoniga SMS-xabar yuboriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatida yangi tizimga moddiy yordam va bolalar nafaqasi so‘ralgan 374 ming 247 murojaat qabul qilingan. Ularning 155 ming 963 tasi belgilagan mezonlarga to‘g‘ri kelmagani uchun rad etilgan. 208 ming 26 murojaatchiga bolalar nafaqasi, 10 ming 258 nafariga moddiy yordam ajratish uchun qaror qabul qilingan. Hozir “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida viloyatdan 240 ming 337 nafar yillik moddiy yordam va bolalar nafaqasi oluvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Bolalar nafaqasi uchun 980 milliard 228 million so‘m, moddiy yordam uchun 21 milliard 161 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
– Ularning 221 ming 828 nafari ajratilayotgan mablag‘ni plastik karta orqali, 18 ming 529 nafari naqd pul ko‘rinishida olmoqda, – deya suhbatni davom ettiradi Suyun Rajabov. – Agar bu raqamlarni 2021 yilgacha bo‘lgan davr bilan solishtiradigan bo‘lsak, moddiy ko‘mak olayotganlar ham, ajratilayotgan mablag‘ ham sezilarli darajada oshgani ko‘rinadi. Bularning barchasi sohada zamonaviy axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanilayotgani, tizimda ochiqlik va shaffoflik ta’minlayotganining amaldagi samarasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA