Mansabdor “tadbirkor”lar faoliyatiga chek qo‘yiladi
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilangan.
Shunga qaramay bu borada hamon qonunbuzilish holatlari kuzatilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat boshqaruv organlari va davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati o‘rganilgan edi. Shunda 6 nafar rahbar mansabdor shaxs (3 nafar tuman (shahar) hokimi, 1 nafar agentlik, 1 nafar unitar korxona va 1 nafar qo‘mita rahbari) tadbirkorlik sub’ektlarining ta’sischilari ekani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Milliy antidoping agentligi direktori A.Sadikov “Total Oil” MCHJ, “Axborotlashtirish Bosh markazi” DUK rahbari D.Sarixodjayev “Musammo” MCHJ, Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi S.Nosirova “Sabina Issiq Nonlari 777” va “Ko‘mir Sanoati” MCHJlar, Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi U.Fayziyev “Zarafshan Golden Group” va “Zarafshon Grand Invest” MCHJlar, “G‘ani Bobo Chorvasi” fermer xo‘jaligi, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi A.Sayfutdinov “Sanico Group” va “Uv-Maks” MCHJlar, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi rahbari B.Sharipov “Karomat Oyijon-Surxon” fermer xo‘jaligida ta’sischi sifatida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, aniqlangan holatlar bo‘yicha mazkur davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning yuqori turuvchi idoralariga agentlik tomonidan taqdimnomalar kiritildi. Yuqoridagi manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga barham berilishi (mansabdor shaxslarning tadbirkorlik sub’ektlaridagi faoliyati tugatilishi) choralari ko‘rilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA