Mansabdor shaxs qo‘lga tushdi
Jizzax viloyati bandlik bosh boshqarmasida faoliyat yuritadigan mansabdor shaxs qalbaki sertifikatni sotayotgan paytida ichki ishlar xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangani to‘g‘risida xabar tarqaldi.
O‘zA muxbiri ushbu xabarning qanchalik haqiqatga yaqinligiga aniqlik kiritish maqsadida viloyat IIB axborot xizmati rahbari kapitan Abulqosim Ahmedov bilan bog‘landi.
– Haqiqatdan ham 1989 yilda Forish tumanida tug‘ilgan, Sharof Rashidov tumani “Olmachi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, viloyat bandlik bosh boshqarmasida faoliyat yuritayotgan mansabdor shaxs protsessual tartibda qo‘lga olindi, – dedi kapitan Abulqosim Ahmedov. – Ushbu mansabdor shaxs bir ayolning ukasiga kasb bo‘yicha mutaxassislikka egalik to‘g‘risida sertifikat yasab, sotishini taklif etgan. Ayol bu haqida huquq tartibot idorasiga xabar bergan.
IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs o‘zi mehnat qilayotgan tashkilot oldida qalbaki sertifikatni 1 million 100 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Tadbir davomida uning xonasi ko‘zdan kechirilganda 117 dona yozilmagan hamda 25 dona muhr bosilgan sertifikat blanklari, 8 dona tijorat banki sertifikati, 2 dona faxriy yorliq, 2 dona kompyuter, printer va fleshkarta hamda 1 dona qalbaki muhr hujjatlashtirib olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi hamda 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A.QAYUMOV, O‘zA