Milliy mumtoz adabiyotimizning yetuk siymosi, ulug‘ mutafakkir alloma, davlat arbobi, faylasuf, she’riyat mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy o‘z umrini ilm-fan, ma’rifat yo‘lida bag‘ishlab, buyuk asarlari bilan nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy xalqlar tamadduniga ulkan hissa qo‘shdi.

Yurtimiz bo‘ylab, shu jumladan, Namangan viloyatidagi mehnat jamoalari, tashkilotlar, barcha ta’lim maskanlarida navoiyxonlik tadbirlari nazmu navoga oshufta arjumandlarga o‘zgacha shukuh ulashmoqda.

Namangan davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida bo‘lib o‘tgan “Vatan kabi  mangu Navoiy” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda buyuk shoirning hozirgi avlodlargacha yetib kelgan boy ma’naviy merosi, uning bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati, uni o‘rganish va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Navoiyshunos olima, filologiya fanlari doktori Faridaxon Karimova ta’kidlaganidek, Navoiyning “Xamsa” asari, g‘azallari va dostonlari xalqimizga beqiyos meros bo‘lib, uning ma’naviy boyligi asrlar osha yashab kelmoqda. U yaratgan asarlar nafaqat go‘zal she’riyat namunasi, balki hayot falsafasi, adolat va mehr-muruvvat darsligidir.

Mo‘minjon Sulaymonov, Komiljon Abdullayev, Gulchehra Zokirova kabi tilshunos olimlar Navoiy hayoti va ijodi bo‘yicha yangi tadqiqiy ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, “Alisher Navoiy ijodida insoniy fazilatlar tarannumi” mavzusidagi ma’ruzasi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Viloyatdagi ijodkorlar tomonidan Navoiyning ijod ummonidan olingan yangi ijod namunalari talabalarga manzur bo‘ldi. G‘azalxon qizlarning chiqishlari Namangan ixtisoslashgan san’at maktabi o‘quvchilarining xonishlariga ulandi.

Namangan muhandislik-texnologiya institutida oliygohning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, Axborot-resurs markazi hamda Mushoira klublari hamkorligida buyuk mutafakkir, davlat arbobi va shoir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk davlat arbobi va ma’naviyatimiz gultoji” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi.

Tanlovda talabalar hazrat Navoiyning boy merosi, uning ma’naviy va madaniy hayotimizdagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etib, badiiy va tahliliy ijodiy yondashuvlarini namoyon etdi.

Bundan tashqari talabalar tomonidan ulug‘ alloma hayotiga doir sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, shoirning g‘azallariga bastalangan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Bu esa tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarga unutilmas taassurot qoldirdi.

Mazkur tanlov talabalar uchun nafaqat Navoiy ijodini chuqurroq o‘rganish, balki o‘z fikr-mulohazalarini badiiy ifoda etish mahoratini, mustaqil fikrlash qobiliyatini ham oshirishga xizmat qildi. Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘zida mujassam etgan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Yoshlar orasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish, buyuk ajdodimiz merosini chuqurroq o‘rganish va intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan mazkur aqliy tanlovda bilimdon talabalar jamoalarga bo‘lingan holda o‘z intellektual salohiyatini sinab ko‘rdi. Savollarda Navoiy bobomiz hayoti, ijodi, adabiy merosi va mumtoz adabiyot bo‘yicha bilimlar ko‘zga tashlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbirlarda millat faxri va adabiyot quyoshi hazrat Alisher Navoiy nomini bilgan har bir inson uning asarlaridan ilhom olib, ma’rifat yo‘lida harakat qilishi lozimligi ustuvorlik kasb etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mangulikka muhrlangan mutafakkir