Mangʻitlar ichida birinchi boʻlib sayyid unvonini olgan hukmdor
Vatanimiz tarixidagi 30-sentabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 30-sentabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
1779-yil (bundan 241 yil oldin) – tarixchi olim Abdusattor Jumanazarning Abdumutalib Fahmiy qalamiga mansub “Majmuai Fahmiy” tazkirasiga tayanib maʼlumot berishicha, hijriy 1193-yil muborak ramazon oyining 19-kuni, yaʼni milodiy 1779-yil 30-sentabr kuni Buxoro hukmdori Amir Shohmurodning toʻngʻich farzandi Amir Haydar dunyoga keldi (Baʼzi manba va adabiyotlarda uning tugʻilish sanasi bundan farqli berilgan).
U tugʻilgach, Amir Shohmurod oʻsha paytda Buxoroda qozi ul-quzzot boʻlib turgan shayxulislom Atoullaxojaning huzuriga oʻzi boradi na uni Oliy Arkka olib kelib, chaqaloqqa ot quyib berishini iltimos qiladi. U kelgusida moʻminlar amiri hazrati Alidek hamisha gʻolib boʻlib yursin deya xayrli duo qilib goʻdak shahzodaga Haydar ismini qoʻyadi. Haydar, Asad hazrati Alining mashhur laqablari boʻlib, bizning tilimizda bu arslon maʼnosini anglatadi.
Amir Haydarning onasi tarixda Xoni shahid nomi bilan maʼlum boʻlgan ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxonning Shamsiyabonu ismli qizi edi. Shu sababdan u, bir tomondan, chingiziy, ikkinchi tarafdan, sayyidlar xonadoniga mansub hisoblanadi. Uning keyingi avlodlari ismi oldiga “sayyid” soʻzining qoʻshib yozilishi shundan. Ayrim tarixiy manbalarda u koʻpincha Amir Sayyid nomi bilan ham ataladi. Uning ona tarafi ikki yoqlama – shayboniy va ashtarxoniylar orqali Chingizxonga tutashadi.
1920-yil (bundan 100 yil oldin) – tarixchi olim Qahramon Rajabovning yozishicha, Buxoro Markaziy Revkomi “Yer toʻgʻrisida”gi dekretni qabul qildi. Dekret, yaʼni qonun kuchiga ega boʻlgan qarorga muvofiq sobiq amir, uning qarindoshlari va amaldorlari qoʻlidagi butun yer-mulk kambagʻal va yersiz dehqonlarga berilishi kerak edi. Shuningdek, dekretga koʻra, “amlok” va boshqa soliqlar bekor qilindi.
Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, faqat Eski Buxoro tumanlari va Chorjoʻy bekligida sobiq amir va beklarga qarashli 10 ming tanob, taxminan 833 gektar yer musodara qilinib, kambagʻal dehqonlarga taqsimlab berildi. Ayrim tarixiy adabiyotlarda mazkur dekret qabul qilingan sana yanglish tarzda 1920-yil 21-noyabr, deb koʻrsatilgan. Holbuki 21-noyabrda dekret faqat “Buxoro axbori” gazetasida eʼlon qilingan.
1946-yil (bundan 74 yil oldin) – suxandon, Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirzohid Rahimov tavallud topdi. Uning suxandonlikka nutqi, ovozi, qobiliyati kuchli boʻlib, yoqimli ovozi, ravon nutqi, matnni kuchli ehtiros bilan va maʼnodor qilib oʻqishi tomoshabinga kuchli taʼsir etgan.
1991-yil (bundan 29 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining navbatdan tashqari yettinchi sessiyasi “Inson huquqlari va erkinliklari Deklaratsiyasi”ni ratifikatsiya qildi. Ushbu Deklaratsiya mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi imzolagan birinchi xalqaro hujjatdir.
Shu kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga Konstitutsiyaviy maqom berish haqida”gi Qonun qabul qilindi.
2009-yil (bundan 11 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida” va “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonunlari qabul qilindi.
2017-yil (bundan 3 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
2018-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.
2019-yil (bundan 1 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi